“Yashil makon”: Gulistonda ko‘chatlar ekilmoqda
Sirdaryo viloyati Guliston shahar “Sayqal” mahallasining “Do‘stlik” kanali hududida shahar hokim To‘lqin Dadaboyev rahbarligida hashar uyushtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 10 dekabr sanasigacha yurtimizda «Dolzarb 40 kunlik» e’lon qilingan bo‘lib, mazkur tadbir ushbu vazifalarning ijrosini ta’minlash, Respublikada amalga oshirilayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasiga salmoqli hissa qo‘shish, shuningdek, 2019 yilda boshlangan «1 million daraxt» aksiyasini davom ettirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Aksiyaning maqsadi yurtimizdagi barcha aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish va shu yo‘l bilan jamoatchilik diqqatini mintaqamizdagi ekologik muammolarga qaratishdan iborat.
Mazkur hashar ham ayni maqsadda tashkil etildi. O‘ndan ortiq tashkilot va korxonalar xodimlari tomonidan 4 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

– Yashil maydonlarni tashkil etish bo‘yicha mamlakatimizda keng quloch yozgan ezgu ishlarda biz ham faol ishtirok etayapmiz, – deydi shahar hokimi o‘rinbosari Bahodir Murodov. – Ishonamizki, bu ezgu harakatlar natijasida ekologiyaning yaxshilanishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Bu ko‘chatlar kelgusida ulg‘ayib, katta daraxtlar bo‘lib, shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishi shubhasiz.
– Bu ezgu tashabbus, barchani birlashtirdi, xususan, biz kabi soha mutaxassislarini ham, – deydi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi sanitar xizmatlarini tashkil etish markazi sektor mudiri Rasul Nurmetov. – Bir kunda 50 xodimimiz 250 tup ko‘chatni ekib, xayrli ishga munosib hissa qo‘shdi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA