"Yashil makon" doirasida "Yashil maktab" aksiyasi
Respublikamizdagi umumta’lim maskanlarida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida "Yashil maktab" aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Tabiatni asrash, atrof-muhitni pokiza tutish bashariyat uchun hayot-mamot masalasi, kelajak avlod oldidagi dolzarb majburiyatdir. Yurtimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan yashil hududlar, obod etilayotgan manzillar esa ana shu maqsad yo‘lidagi ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasidir.
Ayniqsa, "Yashil makon" doirasida o‘tkazilayotgan "Yashil maktab" aksiyasi e’tiborga molik. Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan 246-umumta’lim maktabida ham "Yashilloyiha" loyihalash instituti davlat muassasasi bilan hamkorlikda mazkur aksiya o‘tkazildi.

Tadbir davomida siren, yasen, klyon, kabi manzarali daraxtlar, shuningdek, siriya guli kabi gulli buta o‘simliklari ekildi.
Aksiyaning eng muhim qismlaridan biri — "Daraxt – hayot manbai" mavzusidagi amaliy ekologiya darsi bo‘ldi. Ushbu mashg‘ulotni "Yashil loyiha" loyihalash instituti mutaxassisi E. Davronov olib bordi.
Shu bilan birga, Yashil hudud, bino-inshootlarni loyihalashtirish boshqarmasi Loyiha-qidiruv bo‘limi boshlig‘i S. Xolbo‘tayev rahbarligida o‘quvchilar bilan mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ular "Bilim maskani bog‘i"ni yaratishda ishtirok etib, tuproq tayyorlash, ko‘chat ekish va ularni parvarishlash bo‘yicha zaruriy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA