“Yashil makon”: bahorgi ishlar Hazoraspdan boshlandi
Navro‘z – 2022
“Mahalla” xayriya jamoat fondining Xorazm viloyat bo‘limi mas’ullari “Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatning har bir hududida ko‘chat ekish, bog‘ yaratish tashabbusi bilan chiqdi.
Azaldan ko‘chat ekkan, bog‘ yaratgan insonlar qadrlangan. Bog‘dagi turli daraxtlar yurtga chiroy, fusunkorlik baxsh etib qolmay, qurilish sanoatini yog‘och materiallari, bozorlarimizni sarxil noz-ne’mat bilan ta’minlasa, havoni tozalashdagi hissasi yanada beqiyos.

Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarning jadallashishiga, ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, yurtni obod, yanada go‘zal etish yo‘lidagi ezgu ishlar davomiyligiga turtki bo‘ldi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat bo‘limi va uning bo‘linmalari xodimlari yaqinlashib kelayotgan ulug‘ ayyom, Navro‘z umumxalq bayrami oldidan “Yashil makon” loyihasi doirasida, viloyatning har bir tuman va shahrida bog‘ yaratish, ariq va zovurlarni har xil chiqindilardan tozalash, daraxtlarga shakl berish va oqlash tashabbusi bilan chiqdi.
Bu tashabbus, viloyat, tuman hokimliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shundan, so‘ng faol xodimlar aholi bilan hamkorlikda “Yashil makon” doirasida ko‘chat ekish, bog‘ yaratish ishlarini viloyatning eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan, Hazorasp tumanidagi “Ovshar” mahallasidan boshladi.

Mmahalla hududidagi 0,5 gektar yer maydonga ko‘chat ekib, bog‘ yaratildi. Yerning meliorativ holati, iqlim sharoitidan kelib chiqib, ushbu hududga 240 tupdan ortiq, mevali va manzarali archa ko‘chatlari ekili.
Shakl berilishi lozim bo‘lgan daraxtlarga shakl berilib, daraxtlar oqlandi, 600 metrdan ortiq ariq va zovur tozalanib, obod maskanga aylantirildi.
Bu boradagi ishlar “Navro‘z” umumxalq bayramiga qadar viloyatning boshqa tumanlarida ham amalga oshiriladi.
O‘zA