“Yashil iqtisodiyot” – dunyo oldidagi talab
Munosabat

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida dolzarb masalalar sirasida yer yuzidagi iqlim o‘zgarishlari va uning mamlakatlar hayoti hamda rivojiga salbiy ta’siriga batafsil to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbari havo va suvning ifloslanishi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelayotgani, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetayotgani, bunga javoban mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlanganligini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘lganligi, ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanayotganiga urg‘u berdi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz yetakchisi bu boradagi ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida 2025 yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilish haqidagi taklifi alohida e’tirofga loyiq.
Bugun insoniyat yangi tahdidlar oldida turibdi. Yer aholisi ko‘payishda davom etmoqda, tabiiy resurslar zaxirasi esa muttasil ravishda qisqarmoqda. Ekspertlar vaziyatni o‘nglash uchun jahon iqtisodiyotida “yashil taraqqiyot” tamoyillarini joriy etish zarurligini ta’kidlamoqda. Shuning uchun majlisda yil nomi bilan belgilangan eng muhim vazifalar bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqilishi belgilandi. Ushbu dasturda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi zarurligi aytildi.
“Yashil iqtisodiyot”ning muhim komponenti qayta tiklanadigan energiya manbalarini yaratish va foydalanishdan iborat. Bu jihatdan Yangi O‘zbekistonning salohiyati ancha yuqori. Xalqaro moliyaviy institutlarning hisob-kitobiga qaraganda, respublikada muqobil energiya, ayniqsa, quyosh energiyasining yillik zaxirasi 270 million tonna shartli yoqilg‘i ekvivalentiga teng. “Yashil energetika” sohasidagi loyihalarni amalga oshirish yurtimizda yaqin o‘n yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga ko‘paytirish imkonini beradi. Bu iqtisodiyot uchun juda katta foyda demakdir.
Albatta, “yashil iqtisodiyot” faqat energetika sohasini isloh qilishdan iborat emas. Uning ichiga toza ichimlik suvi muammolari, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalar, barqaror shaharlar, chiqindilarni oqilona boshqarish, o‘rmon hududlarini kengaytirish, cho‘llanishni qisqartirish kabi ko‘p qirrali va keng tarmoqli chora-tadbirlar kiradi. “Yashil iqtisodiyot”dan davlat yoki biznes emas, balki, eng avvalo, oddiy odamlar foyda ko‘radi. Uning ijtimoiy ahamiyati ham shunda.
Mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlarga allaqachon kirishganimiz va bu o‘zining kutilgan samarasini berayotgani bizga yanada kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishlaydi. Universitetimizda o‘tgan yil boshida salkam to‘rt gektar yerda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ekobog‘” barpo etildi. Foydalanishga yaroqsiz, toshloq yerlarni qayta o‘zlashtirish asosida bunyod etilgan mazkur noodatiy bog‘ Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan e’tirof etildi. Shuningdek, vodiy va viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
“Ekobog‘” hududiga dunyoning beshta mintaqasida o‘sadigan 86 noyob turdagi 986 tup daraxt va butalar, shuningdek, mingdan ortiq manzarali gullar ekilgan. Har bir niholga raqamlashtirish asosida “QR” kod o‘rnatilgan. Bu yerda 17 ta fandan tajriba-sinov va ochiq amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish imkoniyati mavjud. O‘z navbatida, “Ekobog‘”dan manzarali o‘simliklarni yetishtirish va parvarishlashga oid ochiq tajriba uchastkasi sifatida foydalanilmoqda.
Yaqin vaqt ichida esa o‘simliklarni biotexnologik usullar yordamida ko‘paytirishga ixtisoslashgan 125 o‘ringa mo‘ljallangan oltita o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriya xonalari hamda noyob va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar kolleksiyasi ham tashkil etiladi. Qolaversa, Namangan davlat universitetida biotexnologiya va ekologiya fakultetlarida malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, “yashil iqtisodiyot” – butun dunyo oldidagi talab. O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga o‘tayotganligi nafaqat uning dunyo hamjamiyati oldidagi nufuzini, balki xalqimizning salomatligi, farovon va uzoq umr ko‘rishiga ham zamin yaratadi.
Sobitxon Turg‘unov,
Namangan davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.
O‘zA