“Yashil” energetikaga tayanadigan davlatlar global iqtisodiy raqobatda ustunlikka ega bo‘ladi (+video)
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishidagi nutqida ilgari surilgan fikrlar, takliflar bugungi global iqtisodiy transformatsiya sharoitida energiya xavfsizligi va “yashil” taraqqiyot masalalarini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab bermoqda.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev shu haqda munosabat bildirdi:
– Energiya xavfsizligi va “yashil” taraqqiyot mamlakatimiz strategiyasining eng muhim va uzoqni ko‘zlagan qismi hisoblanadi.
Avvalo, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt rivoji energiya resurslariga bo‘lgan talabni keskin oshirayotgani haqidagi fikr to‘liq asosli. Bugungi kunda data markazlar, sun’iy intellekt platformalari va raqamli infratuzilmalar katta hajmda elektr energiyasini talab qilmoqda.
Xalqaro energetika agentligi tahlillari ham bu tendensiyani tasdiqlab, yaqin yillarda energiya iste’moli bir necha barobarga oshishini ko‘rsatmoqda. Bu esa har bir davlat oldiga yangi chaqiriq – barqaror va raqobatbardosh energetik tizim yaratish vazifasini qo‘ymoqda.
Shu nuqtai nazardan, investorlar uchun arzon, ishonchli va ekologik toza energiya manbalarini taklif qilish masalasi strategik ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz tomonidan qayd etilganidek, aynan “yashil” energetikaga tayanadigan davlatlar global iqtisodiy raqobatda ustunlikka ega bo‘ladi. Bu – kelajak iqtisodiyotining asosiy mezonlaridan biri.
Mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ham e’tiborga loyiq. Dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5,6 ming megavatt quvvatga ega shamol va quyosh elektr stansiyalarining ishga tushirilishi – bu nafaqat energetik mustaqillikni mustahkamlash, balki ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
“Yashil” energiya ulushining 30 foizga yetkazilgani va 2030-yilga borib uni 54 foizga chiqarish rejasi mamlakatimizning aniq va izchil “yashil” strategiyaga ega ekanini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, Markaziy Osiyoning qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha ulkan salohiyatini hisobga olgan holda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish tashabbusi o‘ta dolzarb.
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida “Markaziy Osiyo- Yevropa yashil energetika koridori”ni yaratish g‘oyasi nafaqat iqtisodiy, balki geostrategik ahamiyatga ega. Bu loyiha mintaqa davlatlarini yagona energetik makonga birlashtirib, toza energiya eksportini kengaytirish imkonini beradi.
Mazkur tashabbuslar O‘zbekistonning nafaqat milliy, balki mintaqaviy va global darajada ham “yashil” taraqqiyot drayverlaridan biriga aylanish salohiyatini namoyon etmoqda.
Ta’kidlash joizki, bu kabi yondashuvlar kelgusida iqtisodiy o‘sish, ekologik barqarorlik va investitsiyaviy jozibadorlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/L9e71ePU9JM?si=7m0oRKZMS1JwDBjx" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Yoqub Meliboyev (video),
O‘zA