"Yashil dunyo" savdo majmuasi ish boshladi
Termiz shahrida 1 ming 850 kishining bandligi taminlanadigan zamonaviy "Yashil dunyo" savdo majmuasi foydalanishga topshirildi.
Mustaqilligimizning 30 yillik to‘yi arafasida ishga tushurilgan yirik majmuaning tantanali ochilish marosimida Termiz shahri va tumanlar hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda istiqlol sharofati bilan keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarning turmush darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani, buning uchun eng chekka hududlarda ham yirik bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlari olib borilayotgani alohida qayd etildi.


Surxondaryo viloyati markazida qad rostlagan "Yashil dunyo" savdo majmuasi ham ana shunday ezgu maqsadda barpo etildi. Uch qavatli zamonaviy binoda 1 ming 850 kishi doimiy ish bilan band bo‘ladi. Uning birinchi qavatidagi keng,toza,ozoda rastalar oziq-ovqat mahsulotlari va turli noz-nematlarni sotishga mo‘ljallangan. Ikkinchi qavatida kiyim-kechak va boshqa kundalik ehtiyoj mollari savdosi yo‘lga qo‘yilgan.Uchinchi qavati aholi va bolajonlar uchun ajoyib ko‘ngilochar maskanga aylantirilgan.


-Esimni tanibmanki, shahrimizda keyingi besh yildagidek qurilish, obodonlashtirish ishlari olib borilganini bilmayman,-deydi mehnat faxriysi Shokir Xo‘jayev.- Har yili ko‘plab osmono‘par o‘ylar barpo etilib, savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatish inshootlari qurilmoqda. Zamonaviy sanoat korxonalari bunyod etilayotir.Mana, sizu-bizning ishtirokimizda foydalanishga topshirilayotgan ushbu inshoot ham qisqa vaqtda tez,sifatli qurib, bitkazildi. Yaqin yillarda ham shahrimizda bunday zamonaviy majmualar bo‘lishini barchamiz orzu qilar edik. Bizning asriy orzu-umidlarimizni bekamu-ko‘st ruyobga chiqarayotgan mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin.


Tantanali marosimda viloyat hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi. Tadbir ishtirokchilari yangi savdo majmuasida aholiga yaratilgan sharoitlar aa mahsulotlar narx-navosi bilan tanishdi.




Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,O‘zA