“Yashil belbog‘lar” barpo etish jadallashtiriladi
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Hamzayevning Toshkent shahridagi ishonchli vakili Xayrullo G‘afforov Shayxontohur tumani saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ishonchli vakil nomzodning saylovoldi dasturida belgilangan asosiy vazifalar to‘g‘risida saylovchilarga atroflicha ma’lumot berdi.
Jumladan, "yashil" iqtisodiyotga o‘tish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, transport vositalarini yuvish shoxobchalarida suvdan takroran foydalanish tizimini joriy etish, yuk tashishni yirik yuk mashinalaridan temir yo‘l transportiga va atrof-muhitga kamroq ta’sir ko‘rsatadigan boshqa transport turlariga o‘zgartirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilayotgani haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish hamda Orolbo‘yi hududini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim yo‘nalishlar tushuntirib o‘tildi.
Qayd etilganidek, Orolbo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik holatni yaxshilashga Davlat byudjeti, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari mablag‘larini maqsadli yo‘naltirish, Nukus, Buxoro, Urganch, Xiva, Navoiy, Mo‘ynoq kabi aholi yashash punktlari atrofida “yashil belbog‘lar” barpo etish ishlarini jadallashtirish kabi takliflar ilgari surilmoqda.
Uchrashuvda saylovchilarning savollariga batafsil javob qaytarildi.
M.Komilova, O‘zA