Yashash minimumini belgilash masalasiga oid axborot tinglandi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosarining yashash minimumini belgilash masalasiga oid axboroti tinglandi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy adolat va ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar manfaatlarini himoya qilishga bel bog‘lagan siyosiy kuch hisoblanadi. Shuningdek, mamlakatimizda yashash minimumini belgilash masalasi ushbu partiyaning Saylovoldi dasturida ilgari surilgan eng muhim yo‘nalishlardan biri. Shu maqsadda partiya yashash minimumini belgilash va uning huquqiy asoslarini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan.
Eshituvda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda yashash minimumini belgilash masalasida aniq mezonlarning yo‘qligi, to‘g‘rirog‘i, shu vaqtgacha belgilanmagani o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarga haqiqatda muhtoj oilalarni aniqlashga imkon bermay kelayotgan edi. Ayniqsa, pandemiya sharoitida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy yordamning manzilliligini ta’minlash dolzarb vazifaga aylandi. Qonunchilikdagi ayrim kamchiliklar yanada yaqqolroq sezildi. Minimal iste’mol xarajatlarini joriy etmasdan turib kambag‘allikni qisqartirish dasturlarini samarali amalga oshirib bo‘lmaydi. Kambag‘allik kamaymasa, joylarda ijtimoiy muammolar ko‘payadi.
Yig‘ilishda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida axborot berdi. Ta’kidlanganidek, vazirlik tomonidan minimal iste’mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari e’lon qilinishi, minimal iste’mol xarajatlari oyiga kishi boshiga 440 ming so‘m etib belgilanishidan keyin ijtimoiy himoya va kambag‘allikni qisqartirish ishlari endi aniq tizim hamda mexanizmga ega bo‘ldi.
Deputatlar minimal iste’mol xarajatlari miqdori belgilanishining ahamiyati, uning davlat byudjeti hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga berilayotgan moddiy yordamga ta’siri, davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy mas’uliyati bilan bog‘liq masalalar borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Minimal iste’mol xarajatlarini belgilashning huquqiy mezonlari, bu huquqiy asoslarni yaratishga ehtiyoj haqida so‘z bordi. Deputatlar va vazirlik mutasaddilari o‘rtasida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mutasaddilari fraksiya a’zolarining bu boradagi savollariga atroflicha javob berdi.
Partiya fraksiyasi ushbu prinsipial masalada e’lon qilingan minimal iste’mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblarini ilk qadam sifatida qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu boradagi harakatlarni izchil davom ettirish, mustahkam asoslangan tadqiqotlarni davom ettirish, huquqiy asoslarni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA