Yaroqsiz mahsulotlar sotuvdan olib tashlanmoqda
Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda iste’mol bozorlarida sifatsiz va yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni savdodan olib tashlash, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Xususan, Buxoro viloyatida savdo do‘konlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ayrim turdagi osh tuzi, armatura va un mahsulotlarining standart talablariga javob bermasligi aniqlanib, ular savdodan chetlashtirildi.
Farg‘ona viloyatida esa Yangi yil bayrami munosabati bilan tashkil etilgan yarmarkada oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va yaroqlilik muddatlari o‘rganilib, belgilanmagan mahsulotlar savdodan olib tashlandi hamda sotuvchilarga qonunchilik talablari tushuntirildi.
Shuningdek, Toshkent viloyati Olmaliq shahrida ishlab chiqarish sanasi ko‘rsatilmagan ayrim kolbasa mahsulotlari aniqlanib, ularni savdodan chetlashtirish choralari ko‘rildi.
Ma’lumot uchun, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ishlab chiqarish sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish taqiqlanadi. Nazorat tadbirlari aholiga sifatli va xavfsiz mahsulotlar yetkazib berish maqsadida muntazam davom ettirilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA