Yarmarkada 24 nafar fuqaro ishli bo‘ldi
Andijon viloyati Jalaquduq tumanida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” o‘tkazildi.
Jalaquduq tumani hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hamkorligida o‘tkazilgan yarmarka ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda keyingi yillarda aholi muammolarini hal etish, ayniqsa, bandligini ta’minlash, fuqarolarning doimiy daromad manbaini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
O‘tkazilgan mehnat yarmarkasida tumandagi 27 ta korxona, tashkilot va muassasa o‘zidagi mavjud 360 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlari ko‘rgazmalari bilan ishtirok etdi.
Yarmarka davomida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mutaxassislari tomonidan 24 nafar fuqaroga korxona, tashkilot va muassasaga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.
Bundan tashqari, 50 nafardan ziyod ishsiz fuqaroga kasb-hunar o‘rganish uchun o‘qish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishlash imkoniyati borligi haqida ma’lumotlar taqdim qilindi.
Yarmarka doirasida tashkilotchilar hamda tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mutaxassislari fuqarolar bilan mehnat qonunchiligi, ularning huquqiy bilimlarini oshirish borasida suhbatlar o‘tkazdi.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri