Yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika sohasida xalqaro hamkorlik kengaymoqda
Toshkent shahridagi "Central Asia University"da "Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va uning qo‘llanilishi: O‘zbekistonda rivojlanish istiqbollari" mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Unda mahalliy va xorijiy olimlar, jumladan, 55 nafar xorijiy olim va mutaxassis hamda O‘zbekistondan qariyb 100 nafar olim ishtirok etmoqda. 1-oktabrga qadar davom etadigan tadbir yarimo‘tkazgichlar fizikasi, mikroelektronika va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan.
Konferensiya Iqtisodiyot va moliya vazirligi, "O‘zeltexsanoat" uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, O‘zbekiston fiziklar kengashi, Osiyo taraqqiyot banki hamda xalqaro hamkorlar ko‘magida tashkil etilgan.
Birinchi kungi muhokamalarda mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish, integral mikrosxemalarni loyihalash, zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yarimo‘tkazgichlar sohasida ilmiy-tadqiqot va muhandislik salohiyatini rivojlantirish, yuqori texnologiyali kadrlar tayyorlash, fan va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Anjuman bugun o‘z ishini davom ettirmoqda. Unda yarimo‘tkazgichlar fizikasi, mikroelektronika va zamonaviy texnologik yechimlarga oid dolzarb masalalar, shuningdek, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA