Yaratilgan sharoitga munosib g‘alabalarga erishamiz
Prezident topshirig‘i amalda
Sportchi uchun eng muhimi tartib va sharoit. Qo‘l jangi sporti bo‘yicha murabbiylik faoliyatimni boshlaganimga 15 yildan oshdi. Bu davr mobaynida qanchadan-qancha shogirdlar tayyorladik. Bizni doim sharoit masalasi o‘ylantirardi. Avvaliga shahar markazidagi istirohat bog‘ining bir chetida sobiq sovet tuzumi davrida oshxona sifatida faoliyat yuritgan binodan sport zali sifatida foydalandik. Qishda sovuq, yozda esa issiq edi. Juda qiynalardik. Sport inventarlariniku aytmasa ham bo‘ladi. O‘zimiz qo‘ldan kelgancha baholi qudrat sharoit qilib, shug‘ullanganmiz. Keyin maktab zallarini ijaraga olib, foydalandik.
Yaxshi sharoitga ega sport zallarida mashg‘ulot o‘tkazish bir umrlik orzuimiz edi. Shunday holatda ham ko‘plab shogirdlarimiz xalqaro musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Masalan, hozirgi kunda yaxshi natijalarga erishayotgan shogirdlarimizdan Bobur Qurbonov qo‘l jangi bo‘yicha Italiya davlatida o‘tkazilgan musobaqada jahon chempioni bo‘lgan. Hozir MMA sporti bilan shug‘ullanyapti. Yana bir shogirdimiz Ramazon Temirov Yaponiya shahrida yaqinda O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tardi. U ham xalqaro darajadagi sportchi. Shohruh Ziyotov qo‘l jangi bo‘yicha Albaniya shahrida noyabrda o‘tkazilishi kutilayotgan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘ryapti. Xullas, natijalarimiz yomon emas.
Joriy yil biz uchun juda muvaffaqiyatli keldi. 21-22 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari tashrifning ikkinchi kunida viloyat faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Qarshi shahridagi MMA (aralash jang san’ati) sport klubi murabbiyi Bobur Qurbonov bilan ham suhbat bo‘lib o‘tdi. Suhbatda Bobur o‘zi va shogirdlari tomonidan MMA sport turi bo‘yicha erishgan yutuqlari to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berdi. Prezidentimizga mamlakatimizda sportga, xususan, “Qo‘l jangi” hamda MMA sportini rivojlantirishda ko‘rsatayotgan yuksak e’tiborlari uchun o‘zining minnatdorchiligini bildirdi.
Shuningdek, Bobur viloyatda sportning “Qo‘l jangi” va MMA turlarini yanada rivojlantirish, yoshlarni ushbu sport turiga keng jalb etish hamda shug‘ullanishi uchun homiy tashkilot ajratilishini so‘rab murojaat qildi. Shundan so‘ng, davlatimiz rahbari mazkur masalani hal qilish bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonovga tegishli topshiriqlarni berdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Prezident topshirig‘i bo‘yicha shu kunning o‘zida Qarshi shahridagi MMA sport klubiga tashrif buyurdi va MMA murabbiyi Bobur Qurbonov, viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi rahbari V.Ro‘ziyev hamda sportchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida A.Mavlonov tomonidan hududda sportni rivojlantirish masalasida yaqindan yordam ko‘rsatilishi bildirildi.
Shundan so‘ng qo‘mitaning homiyligida qisqa fursatda jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy sport zali barpo etildi va faoliyat boshladi.
Sportning MMA turi bilan shug‘ullanayotgan bolajonlarning quvonchi cheksiz, kelajakda yuqori marralarni maqsad qilgan bo‘lajak chempionlarning galdagi orzusi ham amalga oshdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, bino barpo etilishida yengil konstruksiyali va turli ob-havo sharoitlariga bardoshli qurilish materiallaridan foydalanilgan. Bu esa, sportchilarga mashg‘ulotlar uchun qulay muhitni yaratish bilan birga, bino haroratini saqlash va energiya tejamkorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
[gallery-14302]
Quvonch bilan aytish mumkinki, bugun voha ahli uchun Qarshi shahri markazida bir vaqtning o‘zida 100 nafardan ziyod yoshni MMA sporti bilan shug‘ullantirish imkoniyati mavjud bo‘lgan barcha sharoitga ega, shinam va zarur sport inventarlari bilan jihozlangan zamonaviy sport inshooti qad rostladi. Albatta biz sportchilar Yurtboshimizning e’tibor va g‘amxo‘rliklariga javoban kelgusida jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini yanada yuksaklarga ko‘tarishga va’da beramiz.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/NCQnfERQMG0" title="Яратилган шароитга муносиб ғалабаларга эришамиз" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muzaffar Xudoyqulov,
Qo‘l jangi va MMA sporti bo‘yicha
Qashqadaryo viloyat terma jamoasi murabbiysi.
O‘zA