Yarashgan oilalar soni 1246 taga yetdi
Joriy yilning o‘tgan davrida Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyati boshqarmasi va uning tuman-shahar bo‘limlari tomonidan aliment undirishga oid 1246 ta ijro hujjati oilalar o‘zaro yarashgani munosabati bilan bekor qilindi.
– Ushbu yarashuvlarga erishishda Byuro xodimlari tomonidan olib borilgan manzilli tushuntirish ishlari, psixologik maslahatlar va suhbatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyati boshqarmasi katta inspektori Rustamjon Matkarimov. – Natijada qarzdor va undiruvchi tomonlar o‘zaro kelishib, oilaviy munosabatlarni saqlab qolishdi.
Shu bilan birga, hisobot davrida voyaga yetmagan shaxslar foydasiga 25 milliard so‘mdan ortiq aliment mablag‘i undirilib, haqdorlarga to‘liq yetkazib berildi. Aliment to‘lovlari bo‘yicha ijro intizomini ta’minlash, farzand huquqlarini himoya qilish Byuro faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumki, oila — jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir. Uning mustahkamligi nafaqat farzand tarbiyasi, balki keng ma’nodagi ijtimoiy barqarorlikning ham kafolati hisoblanadi.
– Majburiy ijro byurosi faoliyatida faqatgina huquqiy choralar bilan cheklanib qolinmasdan, insonparvarlik, bag‘rikenglik va oilani asrab-avaylash kabi tamoyillarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Sirdaryoda oilalar yarashuvi bilan yakunlanayotgan ijro ishlari sonining ortib borishi ana shu yondashuv samarasi sifatida namoyon bo‘lmoqda, – deya qo‘shimcha qildi Rustamjon Matkarimov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri