Yaqin yillarda Sergeli aholisi 300 ming nafardan ortishi kutilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Aholini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha dastlabki natijalar Sergeli tumanidagi real vaziyatni aniq ko‘rsatdi. Ilgari tuman aholisi 181 ming nafar deb hisoblab kelingan bo‘lsa, xatlov natijalariga ko‘ra, hududda aslida 236 mingga yaqin aholi yashayotgani ma’lum bo‘ldi.
Yaqin yillarda Sergeli aholisi 300 ming nafardan ortishi kutilmoqda. Shu bois, rahbarlarda uy-joy, bog‘cha, maktab, poliklinika va ish o‘rinlarini aholi o‘sishiga mos ravishda ko‘paytirish bo‘yicha hozirdan aniq reja va dastur bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilda Sergelini rivojlantirish uchun byudjetdan 173 milliard so‘m, banklar orqali 2 trillion 200 milliard so‘m resurs ajratilgan. Tuman hokimi va mutasaddilarga ushbu mablag‘larni samarali ishlatib, qo‘shilgan qiymatni 2-3 karra oshirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilda poytaxt tumanlari hokimlari jami 9 milliard dollarlik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishi belgilangan. Sergelining o‘ziga o‘tgan besh oyda 236 million dollar investitsiya kiritildi. Yil yakunigacha 60 ta loyihani boshlash hisobidan yana 750 million dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Poytaxt sharoitida sanoat loyihalarini joylashtirishda yer masalasi eng katta muammo ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, “Yangi avlod” sanoat zonasidan poytaxtning 12 ta tumaniga joy ajratish hamda investitsiya, sanoat, ish o‘rni, eksport va byudjet tushumi ko‘rsatkichlari loyiha qilgan tumanning o‘ziga yoziladigan tizimni joriy etish topshirildi.
O‘zA