Yaqin Sharq mojarosi nimalarni o‘zgartirdi?
Yaqin Sharqda urush boshlanganiga olti oy to‘ldi. Prezident Donald Tramp bir necha hafta ichida tugashini bashorat qilgan mojaro uzoq davom etyapti va aniq natijasiz qarama-qarshilikka aylangan. “Reuters” urushni boshlab qo‘ygan Tramp endi siyosiy narx to‘layotganiga urg‘u bermoqda.
Xususan, urush tufayli Prezident reytingi 40 foizdan 33 foizgacha pasaydi. Amerikaliklarning atigi 31 foizi urushni qo‘llab-quvvatlayapti. Qolaversa, benzin narxi ko‘tarilishi noyabr oyidagi saylov oldidan norozilikni kuchaytirmoqda.
Urushdan butun dunyo zarar ko‘rganiga shubha yo‘q. Hurmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish uzilishi quvvat narxi oshishi va inflyatsiya chuqurlashishiga olib keldi. Shunga qaramay, jahon iqtisodiyoti kutilganidan ko‘ra bardoshli ekani isbotlandi.
Eron zaiflashdimi? Albatta, ammo mag‘lub bo‘lmadi. Islom Respublikasi harbiy infratuzilmasi va iqtisodiyoti jiddiy zarar ko‘rsa-da, Tehron raketa va dron imkoniyatini saqlab qoldi va hujumni davom ettirishga qodir.
Yaqin Sharq barqarorligiga ham “ko‘z tegdi”, mintaqa sezilarli darajada beqarorlashgan. Zero, Eronning AQSH nishonlari va Vashington ittifoqchilariga qarshi hujumi, shuningdek yuk tashish uzilishi mintaqaviy xavfsizlik va savdo uchun xavfni kuchaytirdi.

Eronning yadroviy dasturi sekinlashgan bo‘lishi mumkin. AQSH razvedka ma’lumotiga ko‘ra, endi Tehron yadroviy qurol uchun yetarli material ishlab chiqarishi uchun bir yil kerak. Dasturning aniq holati noma’lumligicha qolmoqda.
Urush AQSH harbiy resursini kamaytirdi. Vashington raketa va tutuvchi vositalar ulkan zaxirasini deyarli sarfladi, havo kuchlarini yo‘qotdi va Yaqin Sharqqa qayta resurs joylashtirdi. Tabiiyki, boshqa mintaqalardagi Amerika kuchlari tayyorgarligiga oid savol ko‘paygan.
Eron zarbasidan Qo‘shma Shtatlar razvedkasi ham beqiyos talafot ko‘rgani taxmin qilinyapti.
Masalan, “NBC News” telekanali xabar berishicha, AQSHning Yaqin Sharqdagi razvedka infratuzilmasi Eron hujumi natijasida milliardlab dollar zarar ko‘rgan. Raketa va dron hujumi mintaqadagi nishonlarga misli ko‘rilmagan darajada ziyon keltirgan.

– Eron hujumi Davlat departamenti, Pentagon va razvedka hamjamiyatining mintaqadagi nishonlarni yetarli darajada himoya qila olishiga doir muayyan savollarni yuzaga chiqardi, – deya qo‘shimcha qilgan kanal.
AQSH yaqin kelajakda Eronga qarshi keyingi hujumni rejalashtirmayapti, balki sanksiya va dengiz qamali orqali iqtisodiy bosimni kuchaytirishni ko‘zlayapti. Bu jarayon 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Kongress sayloviga qadar davom etishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA