Yaponiya PURL dasturiga qo‘shildi
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi PURL dasturi uchun 14,7 million dollarlik birinchi transh ajratilganini tasdiqladi.
Kelishuvga ko‘ra, bu mablag‘ faqat o‘limga sabab bo‘lmaydigan qurollar uchun ishlatilishi kerak. PURL dasturi doirasida ittifoqchilar Ukraina uchun Amerika qurolini sotib olmoqda. Prezident Vladimir Zelenskiy tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun Yaponiyaga minnatdorlik bildirdi va loyihada 28 davlat allaqachon ishtirok etayotgani, 2026-yil boshidan beri jami 1,5 milliard dollar to‘planganini e’lon qildi.
“The Japan Times” nashri mamlakat mudofaa vazirligiga tayanib yozishicha, Yaponiyaning o‘zini o‘zi himoya qilish kuchlari birinchi marta Ukrainadagi NATO qo‘mondonligiga harbiylar yuboradi. To‘rt zobit jihoz yetkazib berilishini muvofiqlashtiradi va ukrain qo‘shinlarini o‘qitadi. Ular jangovar amaliyotda ishtirok etmaydi.
– Mazkur amaliyot Ukraina tajribasi, jumladan “yangi urush” bilan bog‘liq malakadan saboq olish orqali kun chiqar yurt mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga hissa qo‘shib, Yaponiya va NATO hamkorligini yanada chuqurlashtiradi, – deyilgan tegishli bayonotda.
S.Rahimov, O‘zA