Yaponiya nega O‘zbekistonga ishonadi?
So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlari sifat jihatdan strategik mazmun kasb etmoqda. Jahon iqtisodiyotida yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar va inson kapitaliga tayanilgan rivojlanish tendensiyalari kuchayib borayotgan bir paytda, Tokio uchun Markaziy Osiyoda barqaror, ochiq va modernizatsiyaga intilgan sherik sifatida O‘zbekistonning ahamiyati sezilarli ravishda oshdi, deyish mumkin.
Ekspertlar fikricha, bu sheriklik nafaqat iqtisodiy manfaatlar, balki mintaqaviy xavfsizlik, energiya xatarlarini kamaytirish va strategik barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim hisoblanadi.
O‘zA muxbiri investitsiya va texnologiya transferidagi yangi ustuvor yo‘nalishlar, nega kunchiqar yurt O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy hamkor sifatida baholashi, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarda ko‘zga tashlanayotgan sifat o‘zgarishlari xususida siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayev bilan qisqa suhbat uyushtirdi.

– Aytingchi, O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlarida so‘nggi yillarda eng katta sifat o‘zgarishi nimalarda kuzatilmoqda?
– Bilasizmi, oxirgi yillarda Toshkent va Tokio aloqalarida eng katta o‘zgarish — hamkorlikning donorlik modelidan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganida namoyon bo‘lmoqda. Agar 1990-2000 yillarda Yaponiya asosan rasmiy taraqqiyot yordami (ODA) orqali ishtirok etgan bo‘lsa, bugungi kunda u iqtisodiy, texnologik va institutsional sherik sifatida maydonga chiqmoqda.
Faqat ODA doirasida Yaponiya 1993 yildan buyon O‘zbekistonga 6 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirgan. Biroq oxirgi 7–8 yilda asosiy urg‘u xususiy investitsiyalar, qo‘shma loyihalar va texnologiya transferiga qaratildi. Bugun o‘lkamizda 50 dan ziyod yapon kompaniyalari va qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda, ularning katta qismi 2017 yildan keyin kirib kelgani ham tendensiyaning yangi yo‘nalishini ko‘rsatadi.
Natijada munosabatlar “yordam beruvchi — yordam oluvchi” sxemasidan chiqib, o‘zaro manfaat va ishonchga asoslangan haqiqiy sheriklik bosqichiga ko‘tarildi. Bu esa ikki davlat aloqalarini sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqdi.
– Yaponiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda qanday strategik hamkor sifatida ko‘rmoqda?
– Bugun Yaponiya uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi oddiy sherik emas, balki asosiy tayanch davlat sifatida ko‘riladi. Mintaqada barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda rasmiy Toshkentning roli katta ekanini Tokio yaxshi anglaydi. Bu qarash tasodifiy emas: aholi soni, iqtisodiy salohiyat, geografik joylashuv va ochiq tashqi siyosat — barchasi Yangi O‘zbekistonni mintaqada alohida o‘ringa qo‘yadi.
Yaponiya uchun O‘zbekiston – Markaziy Osiyo bozorlariga asosiy yo‘l, logistik va iqtisodiy ko‘prik, desak yanglishmaymiz. Tokio O‘zbekiston orqali o‘zining madaniy va iqtisodiy diplomatiyasini hamda texnologiyaviy ishtirokini mustahkamlamoqda. Shu jihatdan, diyorimiz Yaponiya uchun faqat ikki tomonlama munosabatlarda emas, balki butun Markaziy Osiyo siyosatida markaziy nuqtaga aylangan.
– Investitsiya va texnologiya transferida qaysi sohalar ustuvor hisoblanadi?
– Yaponiya kompaniyalari qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligini oshirish va sanoatda uglerod chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda. Bu tashabbuslar O‘zbekistonning 2030 yilgacha “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi bilan uyg‘unlikda amalga oshirilmoqda.
Qayd etish joiz, Toshkent xalqaro aeroporti modernizatsiyasi, shahar transporti va logistika tizimlarini takomillashtirishda yapon texnologiyalari muhim o‘rin egallaydi. Ayrim yirik infratuzilma loyihalarida investitsiya hajmi 100–200 million dollar atrofida baholanmoqda. Qolaversa, avtomobil sanoati, kimyo va farmatsevtika sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. E’tiborlisi, yapon kompaniyalari raqamlashtirish, elektron boshqaruv tizimlari va startap ekotizimini rivojlantirishga katta qiziqish bildirmoqda.
– Qisqa, lekin mazmunli suhbat uchun tashakkur!
– Rahmat.
Musulmon Ziyo suhbatlashdi,
O‘zA