Yaponiya maktablari tajribasi O‘zbekiston ta’limiga nima beradi?
Yaqinda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda O‘zbekistonning Tokiodagi elchixonasi hamkorligida, Osiyo unumdorlik tashkiloti (APO) moliyaviy ko‘magida mamlakatimiz delegatsiyasining Yaponiyaga o‘quv-amaliy tashrifi tashkil etildi.
Besh nafardan iborat delegatsiya tarkibidan respublika miqyosidagi tanlov g‘olibi - Toshkent shahridagi 324-sonli umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi, uning o‘qituvchisi, maktab direktori va ota-onasi o‘rin oldi.
Mazkur tashrif joriy yilning yanvar-fevral oylarida vaqt va resurslardan oqilona foydalanish mavzusida o‘tkazilgan videoroliklar tanlovining davomi bo‘ldi. Unda mamlakatimiz maktablaridan ming nafardan ziyod o‘quvchi ishtirok etdi. Tanlovning asosiy maqsadi yoshlarda vaqtni qadrlash, resurslarni tejash va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga qaratildi.
Safar davomida delegatsiya a’zolari Osiyo unumdorlik tashkiloti, Yaponiya unumdorlik markazi hamda Tokio shahridagi maktablar vakillari bilan uchrashdi. Muloqotlar chog‘ida ta’limda unumdorlikni oshirish, vaqtni samarali boshqarish, suv va elektr energiyasini tejash bo‘yicha Yaponiya tajribasi o‘rganildi.
Yaponiya maktablarida vaqt va resurslardan samarali foydalanish, o‘quvchilarda tejamkorlik va mas’uliyat madaniyatini shakllantirishga qaratilgan yondashuvlar bilan tanishish delegatsiya tashrifining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. O‘rganilgan tajribalar vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish, kundalik vazifalarni mas’uliyat bilan bajarish va umumiy resurslarni asrash kabi odatlarni maktab davridan shakllantirish muhimligini ko‘rsatdi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, endilikda tanlov g‘olibasi tahsil olayotgan 324-sonli maktabda mazkur yondashuvlarni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bunda o‘quvchilarning vaqtni samarali tashkil etishi, suv va elektr energiyasidan tejamkor foydalanishi, tartib-intizom va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Sinov natijalari baholangach, samarali usullarni boshqa ta’lim muassasalarida ham bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Umuman, “Unumdorlik maktabdan boshlanadi” tashabbusi yosh avlodni vaqt va resurslarni qadrlash, o‘z mehnatini to‘g‘ri tashkil etish hamda har bir ishni samarali bajarishga o‘rgatishni ko‘zda tutadi. Yaponiya tajribasining mahalliy sharoitda sinovdan o‘tkazilishi ushbu maqsadlarga erishish yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA