Yantoqzor o‘rnida yastangan diyor
Qurbon hayiti munosabati bilan qishloqda bo‘ldim. Ayritom qishlog‘i Ko‘kdala tuman markazidan 20–25 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qishloq aholisining soni 20 mingga yaqin. Bundan 10–15 yil avval qishloqning ichki yo‘llari asfalt bo‘lib, bu yerga toza ichimlik suvi (vodoprovad) keltiriladi, zamonaviy maktab va bog‘chalar qurilib, qishloq zamonaviylashadi, desa hech kim u qadar ishonmasdi.

Bugun shunday bo‘ldi. Qishloqning o‘nqir-cho‘nqir, chang va loy yo‘llari asfalt bo‘lib, shaharnikidan qolishmaydigan maktab va bog‘chalar qurildi. Tumaning har bir qishlog‘iga aholi uchun zarur bo‘lgan ana shunday ijtimoiy ob’ektlar qad rostladi, aholi uchun qualay va zamonaviy infratuzilma yaratildi. Misol uchun, tumanda 3 yil ichida 20 ortiq MTT (bog‘cha) qurilgan bo‘lsa, shundan 4–5 tasi Ayritomda bunyod bo‘ldi. Ayni paytda 24 milliard so‘m mablag‘ evaziga qishloqqa 25 kilometr uzoqliqdan toza ichimlik suvi olib kelinmoqda. Bundan qishloqdoshlar yanada xursand. Boisi ko‘p yillik orzulari ushalmoqda.
Tuman markazidagi o‘zgarishlarni ham ko‘rgim keldi. Farzandlarimni olib, tuman markazi – Yettitom shaharchasi tomon yo‘l oldim. Ochig‘i, bu hududga yaqin 1–2 yil ichida o‘tmagan ekanman. Ko‘pchilik maqtayotgan, ko‘p tashabbus va islohotlar amalga oshirilayotgan Yetitom shaharchasini ko‘rish, shu bahonada tumanning asosiy drayveri tarvuz paykallarini oralab, yoshlikni eslash maqsadida yo‘lga otlandik. Bordik, ko‘rdik va amin bo‘ldik. Ko‘kdala bugun Yangi O‘zbekistonga mos va xos tarzda, chindan-da go‘zal tarzda bunyod bo‘lmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi tumanda zamonaviy shaharsozlikning eng ilg‘or tajribalari aks etgan. Majoziy ma’noda aytganda yangi tuman, yangi kelinchak singari ochilib ketgan.
Bundan 3 yil muqaddam Prezidentimizning Ko‘kdala tumaniga qilgan tashriflari mobaynida aytgan topshiriqlari va yana qator davlat dasturlari asosida tumanda keng bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bugungacha tumanda bajarilgan ishlarning umumiy qiymati bir yarim trilliondan oshibdi. Bu hali hammasi emas. Hali bu maskanda juda ko‘plab qiladigan ishlar bor ekan. Bu degani tuman qiyofasi hali bundan-da go‘zallashadi. Eng muhimi, aholi uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi. Ta’lim, sport, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish kabi qator sohalarga bugun katta e’tibor qaratilmoqda.

Tumanning sanoat hududida investitsiya dasturi doirasida ham qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, italiyalik hamkorlar tomonidan tashkil etilgan korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar deyarli yuz foiz eksportga yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, yoshlar uchun tuman markazida IT markazlari, maxsus ixtisoslashgan maktablar, turli to‘garaklar, kutubxona va ma’naviyat markazlari ham yuqori darajada tashkil etilgan. Natijada tuman o‘quvchilari yuqori natijalarni qo‘lga kiritishmoqda.
Yettitom shaharchasida tuman hokimligi va mahalliy idoralar uchun binolar, "Yangi O‘zbekiston" massivi, bog‘cha va maktablar, poliklinika, istirohat bog‘i, xalqaro ahamiyatdagi yo‘l va uning bo‘yidagi qator xizmat ko‘rsatish va savdo majmualari bugungi kunda har qanday odamni hayratlantiradi. Tumanda bir qancha kilometr yo‘l ta’mirlanib, ko‘p joylarga ichimlik suvi yetkazib berilmoqda.
Yana bir muhim jihat. Tarvuz Ko‘kdalaning bekorga ramzi hisoblanmaydi. Xabaringiz bor, tuman mirishkorlari necha yillardan buyon tarvuz yetishtirish bo‘yicha respublikada yetakchilik qiladi. Ma’lumotga ko‘ra, tumanda joriy yilda 20 yaqin mahalla fuqarolar yig‘inida jami fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalariga umumiy 20 000 gektar yer maydonlariga erta, o‘rtacha va kechki tarvuz mahsulotlari yetishtirilmoqda. Tuman dehqonlari o‘tgan yilgi mavsumda 8 million dollarlik tarvuz eksportini amalga oshirgan bo‘lib, joriy yil uchun 10 million dollar eksport rejalashtirilgan edi. Ammo Ko‘kdalaning aholisi va eksportning tizimli joriy etilishi natijasida joriy yilda eksport daromadi rejadagidan ham balandroq, ya’ni 12 million AQSH dollariga teng bo‘ldi. Eng muhimi, eksport jarayonlari hamon davom etmoqda, demak hali raqamlar yana kattalashadi...


Ha, bugun Yettitomda tarvuz eksporti bilan bog‘liq ishlarni sifatli yo‘lga qo‘yishga tuman hokimligi tomonidan katta e’tibor qaratilib, bu yerda dehqon va tadbirkorlar uchun zarur sharoitlar yaratib berilgan. Quvonarlisi, tarvuz yetishtirish orqali ko‘plab dehqon va tadbirkorlar qatori minglab aholi ish bilan ta’minlanmoqda. Bunday ulug‘vor ishlar davomli bo‘lishini tilab ortga qaytdik.

Shuhrat Hayitov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
filologiya fanlari doktori.