Yangiyoʻlda daraxt barglari eksport qilinmoqda
Shartnomalarga muvofiq, joriy yilda 25 tonnaga yaqin mahsulotni eksport qilish koʻzda tutilgan.
Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanidagi “Omon layk” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan quritilgan meva-sabzavotlar bilan bir qatorda, mevali daraxtlarning barglarini ham xorijga eksport qilish yoʻlga qoʻyilgan.
Korxonada nok, olma, shaftoli, tut, anjir, xurmo va olxoʻri kabi mevali daraxtlarning barglari Germaniya davlatiga eksport qilinyapti. Jamiyat rahbari Toyir Normatovning aytishicha, mevali daraxt barglari, ayniqsa, nok va olma daraxtining barglarida yod moddasi koʻproq, shuning uchun ularga boʻlgan talab yuqori. Masalan, oʻtgan yili 176 ming dollar miqdoridagi 10 tonnadan ziyod quritilgan meva-sabzavot va barglar eksportga yoʻnaltirilgan.
Shartnomalarga muvofiq, joriy yilda 25 tonnaga yaqin mahsulotni eksport qilish koʻzda tutilgan. Shu kungacha 10 tonna quritilgan meva-sabzavot va 6 tonna barglar xorijga joʻnatildi. Mavsumga qarab, eksport qilinadigan meva-sabzavotlarning turlari oʻzgarib turadi. Xususan, hozir pomidor, bulgʻor qalampiri va mayda uzun qovoqchalar quritilib, qadoqlanyapti. Keyin ular xorijga joʻnatiladi.
Shuningdek, hududdagi aholi ham oʻzlari yetishtirgan meva-sabzavotlarni korxonaga topshirmoqda. Bu yerda ular quritilib, maʼlum ishlov berilgach qadoqlanib, Germaniya davlatiga eksport qilinyapti. Hozir korxonada 30 nafar aholi bandligi taʼminlangan. Kelgusida eksport faoliyatini rivojlantirish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.