Yangiyerda “Men donor” aksiyasi o‘tkazildi
Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialida insonparvarlik va olijanoblik ruhida o‘tkazilgan muhim tadbir – “Men donor” deb nomlangan xayriya aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Respublika qon quyish markazi va uning Sirdaryo viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ushbu aksiyada filialning professor-o‘qituvchilari, texnik xodim va talabalari faol ishtirok etib, donor sifatida qon topshirish orqali ehtiyojmand insonlar hayotini saqlab qolishga o‘z hissalarini qo‘shdi.

Aksiya davomida donorlikning ahamiyati, uning inson salomatligiga ijobiy ta’siri hamda jamiyatda tutgan o‘rni haqida tushuntirish ishlari ham olib borildi. Tadbirda ishtirok etgan yoshlar ushbu xayrli ish orqali mas’uliyat va bag‘rikenglik tuyg‘ularini yanada chuqur his qildilar.

– Donorlik nafaqat tibbiy, balki ma’naviy jihatdan ham oliy qadriyat hisoblanadi. Bu inson hayotini saqlab qolishga qaratilgan amaliy jasoratdir, – deydi aksiya ishtirokchilaridan biri, filial talabasi Ikromjon Bahodirov.

Bunday tadbirlar yoshlarda ahillik, hamdardlik, insoniylik kabi fazilatlarni targ‘ib etish, jamiyatda donorlik madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri