Yangiyerda ehtiyojmand fuqarolarga yordam ko‘rsatildi
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida "Temir daftar"ga kiritilgan ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz va kasb hunarga ega bo‘lmagan hamda "Chernobil AES" falokatini bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolarga shahar xalq deputatlari Kengashining qaroriga asosan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan yordam ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yilning 28 apreldagi "Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga asosan 8 nafar xotin-qizga 822 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 5 nafar fuqaro "Temir daftar" ro‘yxatiga kiritildi. "Temir daftar" ro‘yxatiga yangitdan kiritilgan Fotima Ahmedovani sog‘ligini tiklash uchun 4 million 200 ming so‘m pul mablag‘i davolash profilaktika muassasasiga o‘tkazib berildi.

– Ijtimoiy himoyaga muhtoj, "Temir daftar"dagi Alisher Nizomiddinovning sog‘ligini tiklash uchun 2 million 200 ming so‘m, ishsiz va qiynalgan fuqarolar o‘z-o‘zini band etishi, yangi hunar turi bilan shug‘ullanishi va qo‘shimcha daromad topishi uchun To‘xtaxon Abdupattayeva, Gulnora Erjigitovaga zamonaviy tikuv mashinasi, sportning o‘q otish yo‘nalishi bilan shug‘ullanib kelayotgan Sevinch Xudaynazarovaga maxsus sport kiyimi olib berilib, ularga ham "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi, – deydi "Mahalla" xayriya jamoat fondi Yangiyer shahar bo‘linmasi bosh hisochisi Komil Rahmonqulov.

Shu bilan birga, yangiyerlik ijtimoiy himoyaga muhtoj 25 nafar fuqaro, 8 nafar "Chernobil AES" falokatini bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolarga un, yog‘, shakar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tarkib topgan oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami yetkazib berildi.
Sirdaryo viloyatidagi barcha hududlarda insonlarga shu kabi manzilli yordam ko‘rsatilmoqda.
O‘zA