Yangiobodda yangi korxona ishga tushirildi
Jizzax viloyatining Yangiobod tumanidagi Balandchaqir qishlogʻida “Balandchaqir textil” masʼuliyati cheklangan jamiyatining paxta xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonasi ishga tushirildi.
Jizzax viloyatining Yangiobod tumanidagi Balandchaqir qishlogʻida “Balandchaqir textil” masʼuliyati cheklangan jamiyatining paxta xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonasi ishga tushirildi.
Umumiy loyiha qiymati 7 million dollarlik ushbu korxonani toʻliq quvvat bilan ishga tushirish uchun sarflanadigan mablagʻning 75 foizi “Asakabank” viloyat filiali krediti, qolgan qismi tadbirkorning oʻz hisobidan amalga oshirilmoqda.

Korxonaning 3,5 ming tonna xom ashyoni qayta ishlash quvvatiga ega birinchi navbati ish boshlashi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda tuman faollari, jamoatchilik vakillari, ishchi-mutaxassislar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda olis hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani oʻz samarasini bermoqda. Natijada qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, qishloqlarda aholi turmush darajasini yuksaltirish borasida amaliy ishlar qilinmoqda.
– Korxonaning ishga tushirilishi nafaqat tadbirkorning, balki hudud aholisining ham yutugʻi, – deydi “Balandchaqir” qishloq fuqarolar yigʻini raisi Olimjon Begmatov. – Sababi, korxonada qishlogʻimizdagi kasb-hunar kollejini bitirgan qizlar, uyda oʻtirgan ishsiz ayollardan 50 nafari doimiy ish bilan taʼminlandi. Bu shuncha oilaga qoʻshimcha daromad keladi, degani.

Xorijiy texnologiya bilan jihozlangan korxonada ishchi-xodimlar germaniyalik mutaxassislardan uch oy davomida ish oʻrgandi.
Yaqin istiqbolda korxona toʻliq quvvat bilan ish boshlagach, 5 ming tonna paxta qayta ishlanib, ish oʻrinlari soni 150 taga yetadi.
Viloyatda 2017-2019 yillarda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati tarmogʻida 12 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.
Oʻtgan yili viloyatda yetishtirilgan 180 ming tonna paxta xom ashyosi 5 ta paxta tozalash korxonasi tomonidan 100 foiz qayta ishlandi. Natijada 60 ming tonna tola olindi. Ushbu paxta tolasining 38,5 foizi hududiy korxonalar tomonidan qayta ishlanib, 20,5 ming tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarilishi kutilmoqda.