Yangilanish, mehr-oqibat ayyomi
Shu kunlarda ajib manzaralar bilan tabiat uyg‘onmoqda. Bahor –yangilanish, yasharish fasli. Hademay, yurtimizda Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlanadi. Qadim tarixga ega bu bayram xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Navro‘zni o‘tmishdan Sharq xalqlari keng nishonlab, yangilanish, poklanish, yasharish, yuksalish bayrami sifatida sharaflagan. Ma’lumki, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida Navro‘zga bag‘ishlangan ko‘plab xalq qo‘shiqlari keltirilgan. Navro‘z bayrami haqidagi ma’lumotlar Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Umar Xayyomning “Navro‘znoma”sida, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va boshqa allomalarning asarlarida uchraydi.
O‘rta Osiyo hududida Navro‘z bayrami yangi yilning boshlanishi deb quvonch bilan kutib olingan. Navro‘z bayramida ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan. Bu bayram dehqon, cho‘pon, hunarmand, qo‘yingki, hammamizning haqiqiy umumxalq bayramimiz. Asrlar o‘tishi bilan turli xalqlarda Navro‘z bayramini o‘tkazish marosimlari ularning turmush tarziga, mafkurasiga moslashgan.
Qadimdan navro‘z kirishidan bir necha kun ilgari tayyorgarlik ishlari boshlangan. Bug‘doyni undirishga qo‘yilgan va uning maysasidan shoh taom – sumalak tayyorlangan. Ko‘k chuchvara, yalpiz somsa, halim kabi taomlar pishirilgan. Otchopar, uloq, kurash singari xalq o‘yinlari, sayillar o‘tkazilgan. Bahor haqida qo‘shiqlar, baxshilarning terma, dostonlari kuylangan. Navro‘zning birinchi kuni qishloq joylarida bolalar to‘p-to‘p bo‘lib xonadonlar eshigi oldida Navro‘zga bag‘ishlangan qo‘shiq aytishgan.
Xonadon egasi ularni sovg‘a-salom va yeguliklar bilan siylagan. Bu udum hozir ham Samarkand va Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlangan.
Navro‘z yangi yil bayramigina bo‘lib qolmay, mehnat bayrami ham hisoblangan. Tarixda Navro‘zga munosabat doimo bir xil bo‘lib kelmagan. Turli davrlarda Navro‘z bayramiga u yo bu darajada aralashuvlar bo‘lgan. Masalan, Sosoniylar davrida Navro‘zni yozgi tengkunlikda nishonlashni rasm qilishgan. Lekin xalq bayrami sifatida u baribir bahorda kutib olinavergan, ya’ni, bu kabi urinishlar samarasiz qolgan.
Navro‘zga eng qo‘pol tazyiq esa sho‘rolar davri siyosati bilan bog‘liq. Sobiq Ittifoq davrida Navro‘zni bayram sifatida nishonlash taqiqlab qo‘yilgan. Asossiz ravishda Navro‘z diniy bayram va marosimlar qatorida man qilindi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, boshqa kadriyatlar katorida Navro‘z bayrami yana tiklandi, yangicha mazmun va mohiyat kashf etdi. Har yili shu kuni respublikaning barcha viloyatlaridagi xiyobon va maydonlarda bayram sayllari tashkil qilinadi, konsert dasturlari, folklor-etnografik jamoalarning turli ashula va raqslari, sho‘x yallalar, polvonu chavandozlar chiqishi yangi-yangi ko‘rinishda nishonlanadi. Bir necha kun mobaynida mahallalarda Navro‘zga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi.
Navro‘z kunlari hokimliklar, mahallalarning faollari, tashkilotlar tomonidan mehribonlik uylari bolalari, urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz keksalar huzuriga tashrif buyurib, ularni qutlab, sovg‘a-salomlar ulashadi.
2009 yilda Navro‘z nomoddiy madaniy meros namanularidan biri sifatida YUNESKO tashkilotining ro‘yxatidan joy olgan.
Bu yilgi Navro‘z ayyomi xalq o‘yinlari, xalq og‘zaki ijodi namunalari bilan xalqning chinakam jozibador bayramiga aylanadi. Zero, bunday shodiyonalar tinch, osoyishta va farovon yurtga yarashadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA