Yangilangan Konstitutsiya - xalqchil hujjat
Yangi O‘zbekiston sharoitida inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda demokratik huquqiy davlat qurish zamon talabidir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ushbu prinsiplarga qurilgani bilan ham muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, unda ijtimoiy davlat prinsiplariga oid normalarning yanada mustahkamlangani, aniqroq aytganda O‘zbekiston mamlakatimiz tarixida birinchi marta ijtimoiy davlat sifatida Konstitutsiya darajasida belgilangani har bir inson uchun farovon turmush darajasi, xususan, sifatli ta’lim va kafolatlangan tibbiy xizmat, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordam hamda xizmatlar tizimi yaratilgan, ishsizlikdan himoyalash, ijtimoiy ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash, uy-joyli bo‘lish sharoiti mavjud bo‘lgan, ijtimoiy tafovutlar yumshatilgan, muvozanatlashgan, hech bir fuqaro o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmaydigan adolatli davlat shakllanganidan dalolat.
Konstitutsiyamizda aholining ijtimoiy jixatdan ehtiyojmand toifalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlari, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda insonning munosib yashashini ta’minlash hisobga olingan. Davlatning fuqarolar bandligini ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha majburiyatlari, fuqarolarning kafolatlangan tibbiy yordamga bo‘lgan huquqlari, davlat ta’limning barcha shakllariga g‘amxo‘rlik qilishi, inklyuziv ta’limni ta’minlashi, o‘qituvchining maqomiga oid normalar konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Ijtimoiy davlatning vazifasi sifatida barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi qoidalar o‘rnatildi. Umuman olganda, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari uch baravardan ortiqqa ko‘paydi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ushbu g‘oyaning tub negizida avvalo, inson qadrini ulug‘lash, insonga xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ijtimoiy davlat prinsiplari dunyoning rivojlangan bir qator davlatlari Konstitutsiyalarida ham o‘z aksini topgan. Masalan, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Turkiya va Xorvatiya kabi davlatlar ham bugun ana shu yo‘ldan bormoqda.
Shuningdek, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi, erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq yangi qoidalar kiritilgani esa O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish yo‘lidan dadil ketayotganligini ko‘rsatadi.
Bilamizki, mazkur hujjatga Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi to‘g‘risidagi qoida kiritilgan bo‘lib, bu davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shu jumladan, sudlar tomonidan Konstitutsiya normalarini huquqni qo‘llash amaliyotida bevosita qo‘llagan holda qarorlar qabul qilish, fuqarolarning Konstitutsiya normalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishi va rioya etishini ko‘zda tutadi. Ma’lumki, inson tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘lgan tabiiy va ajralmas huquqlar sirasiga inson hayoti, sha’ni, qadr-qimmati, ozodligi, tengligi, erkin bo‘lishi, xavfsizligi, daxlsizligi kiradi va bu huquqlar qonunlarda belgilanganligi yoki belgilanmaganligidan qat’iy nazar, insonga azaliy tegishlidir. Huquqiy demokratik davlatda insonning qadr-qimmati, asosiy huquq va erkinliklarining daxlsizligi, ajralmasligini belgilash bilan bir qatorda, ularni har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli ekanligining tan olinishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 19-moddasida ushbu jihat ham alohida belgilangan bo‘lib, insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etilgan va kafolatlangan. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. Ushbu qoida bilan insonning asosiy, tabiiy va ajralmas huquqlarini ta’minlash davlat va jamiyatning eng asosiy vazifasi sifatida Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Mazkur huquqlarga yashash huquqi, erkinlikka bo‘lgan huquq, shaxsiy va uy-joy daxlsizligi, boshpana huquqi, mulk huquqi, sud himoyasiga bo‘lgan huquq, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqi, erkin harakatlanish, yashash joyini tanlash, fuqarolikka ega bo‘lish, mehnat qilish huquqi, bilim olish huquqi, tibbiy va boshqa huquqlar kiradi. Ushbu qoida O‘zbekiston a’zo bo‘lgan inson huquqlariga oid 80 dan ortiq xalqaro hujjatda belgilangan. Jumladan, Italiya, Sloveniya, Chexiya va Ispaniya Konstitutsiyalarida ham bu norma mavjud.
20-moddada “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”, degan insonparvar qoida kiritilgan. Mazkur qoidaga o‘xshash normalar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Bojxona, Soliq kodekslari, shuningdek, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunlarda ham o‘z aksini topgan bo‘lib, amaliyotda qonunchilikdagi nomuvofiqliklar iste’molchilar, soliq to‘lovchilar, tadbirkorlik sub’ektlari, jinoyat protsessi ishtirokchilari foydasiga talqin etildi. Endilikda ushbu qoidaning Konstitutsiyada mustahkamlanishi uning qo‘llanish doirasini yanada kengaytiradi.
Davlat va inson o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar turli tushunmovchiliklarga, inson va fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga olib keladi. Bu esa inson manfaatlari ustunligi asosida “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Sir emas, fuqarolarga tegishli uy-joylarning jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi jarayonida “uy-joyni buzish”, “snos” degan gaplar qulog‘imizga singib ketdi. Bu borada turli salbiy holatlar ortgani mazkur masalada qonunchilikni yanada takomillashtirishni taqozo etdi. Pirovardida Konstitutsiyada hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi aniq va ravshan belgilandi. Ya’ni Konstitutsiyaning 47-moddasiga asosan, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi.
“...Muallimning obro‘-e’tibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tibori”dir. Shavkat Mirziyoyev ushbu oliy qadriyatni ilgari surar ekan, ustozga bo‘lgan yuksak ehtirom Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topishi zarurligini bildirib, o‘z takliflarini ma’lum qilgan edi. Natijada Bosh qomusimizga avval bo‘lmagan yangi modda (52-modda) qo‘shildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etildi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi abadiylashtirildi. Muallim va ustozlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali mehnat faoliyati uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda. Xususan, iste’mol kreditlari berilishi, huquq va manfaatlari ta’minlanayotgani, ayniqsa, adliya organlari tomonidan bu borada turli aksiyalar, loyihalar yo‘lga qo‘yilishi, amaliy huquqiy ko‘mak berilayotgani, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali o‘qituvchilar uchun ustamalar belgilanishi shular jumlasidandir.
Jamiyatni inson, insonni esa ta’lim va tarbiya o‘zgartiradi. Millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish, avvalo o‘qituvchilar faoliyatiga bog‘liq. Shu bois, mazkur norma uchinchi Renesansning tayanch ustunlaridan biri bo‘lgan o‘qituvchiga ramziy ma’noda “Millat bunyodkori” maqomini beradi.
Bundan tashqari, Konstitutsiyada sud va prokuratura organlari qatorida fuqarolik jamiyatining alohida bir instituti – advokaturaga ham alohida joy ajratilganligi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining yanada kafolatlanishiga zamin yaratadi.
Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 24-bobi advokaturaga bag‘ishlanib, uning 141-moddasida jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatishi, u o‘z faoliyatini qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asosan olib borishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, 142-moddasida esa advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi, advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanishi va eng muhimi advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlab qo‘yildi.
Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar, avvalo, inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoya va iqtisodiy farovonlik kafolatlari asosiy qonun darajasida mustahkamlangan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Salohiddin Nuriyev,
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA