Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson qadri ustuvor
Qariyb bir yarim yil davom etgan qizg‘in muhokamalar yakunlanib, tashabbus va takliflar jamlangan Bosh qomusimiz loyihasi tayyor bo‘ldi.
Mustaqilligimizning ramzi va huquqiy kafolati bo‘lgan, davlatimizning asosiy hujjati – Konstitutsiyamizning, ta’bir joiz bo‘lsa, bugungi qiyofasi, mazmun-mohiyati, g‘oya va maqsadi – xalqimiz ishtirokida shakllandi. 220 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz takliflari asosida tayyorlangan loyiha amaldagi Konstitutsiyamizning 65 foiz yangilanishiga, to‘ldirilishiga olib keldi. Miqdor jihatdan ham, sifat jihatidan ham, moddalar va me’yorlar soni jihatdan ham Asosiy qonunimiz kengaydi. Amaldagi Konstitutsiya moddalari 128 ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi loyihada 155 taga, undagi me’yorlar esa 275 tadan 434 taga yetdi.
Bunday keng qamrovli jarayon butun xalqimiz, ziyolilar, yoshlar, ekspert va mutaxassislar bilan bahamjihat, bamaslahat amalga oshirildi. Natijada butun O‘zbekiston xalqi, keng jamoatchilik va eng asosiysi, barcha vatandoshlarimiz, ular xoh O‘zbekistonda, xoh xorijda yashayotgan bo‘lsinlar, faol, O‘zbekistonimiz taqdiri va taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan, ertangi kunga katta umid va ishonch bilan qarayotgan va kelajakdan juda ko‘p ijobiy natija va samaralar kutayotgan zamondoshlarimiz takliflari, fikrlari jamlangan hujjat bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Aslida Bosh qomusimiz yangilanishini istab shuncha taklif va fikrlar berilganining o‘zi bu muhim hujjatni yangilash vaqti kelganini anglatadi. bugungi shiddatkor dunyoda davlatimizning o‘rni va nufuzi baland bo‘lishini, jonajon yurtimizda yashayotgan barcha vatandoshlarimizning, qolaversa, kelajak avlodlarning erkin va farovonligi uchun muhim deb hisoblanayotgan takliflar berilganligi bu fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi. 1992 yilda Oliy Kengashimiz tomonidan qabul qilingan Asosiy qonunimizga keyingi 30 yil ichida 16 marotaba o‘zgartirish kiritildi. Teran kuzatib borayotgan zukko yurtoshlarimiz yaxshi biladi, ayrim moddalar bir necha marotaba o‘zgargan bo‘lsa, ayrimlari o‘zgarishsiz shuncha yo‘lni va yilni bosib o‘tdi. O‘tgan davrdagi o‘zgarishlarning aksariyati davlat qurilishi va boshqaruv organlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lganligi, boshqa ko‘plab masalalar ham tegishli me’yorlar o‘zgarishi tabiiy zarurat ekanligini ko‘rsatadi.
Hozirgi loyiha muhokamalari jarayonini kuzatib borgan bir inson sifatida va bugun ancha katta hajmdagi hujjatga aylangan Konstitutsiyamiz bilan tanishib chiqib, Konstitutsiyamiz asosi bitta ezgu g‘oya atrofida tubdan qayta yaratilganini ko‘rish mumkin deb hisoblayman. U ham bo‘lsa – “Davlat – jamiyat – inson” degan hayotiy prinsipning “Inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga aylanib, “Inson qadri uchun!” degan g‘oya ustuvorlikka ega bo‘lganidir. Ya’ni yagona shaxsdan tortib, jamiyatning barcha a’zolari huquqlari va erkinliklarining kafolati bo‘ladigan, barchaga birdek daxldor me’yorlarni jamlagan huquqiy hujjatni ko‘rish mumkin. Yana ham soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, inson ulug‘lanadigan, insonga insondek qaraladigan, inson manfaati ustivorlikka ega bo‘lgan, uning huquq va erkinliklari qadrlanadigan, davlat inson manfaatlarini ta’minlashi kafolatlanayotgan hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasi shakllandi. Endigi navbat mamlakatimiz bo‘ylab joriy yilning 30 aprel kuni umumxalq ovozi beriladigan – referendumda ushbu hujjatning ma’qullanishida. Ishonchimiz komil, ko‘plab ezguliklar va eng asosiysi, inson huquq va erkinliklari kafolati bo‘ladigan Bosh qomusimiz elimiz, yurtdoshlarimiz tomonidan yuksak e’tirofga ega bo‘ladi va barchamizning ezgu manfaatlarimizga xizmat qiladi.
Ilhom BOTIROV,
O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi
raisining birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari
O‘zA.