Yangilanayotgan Konstitutsiya xalq Konstitutsiyasidir
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov, Qonunchilik palatasi, viloyat, shahar va bir qator tumanlar mahalliy Kengashlari deputatlari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Kozimjon Tojiyev Yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilgan normalar va konseptual o‘zgartishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyamizning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Konstitutsiyamiz qariyb 65 foizga yangilanib, amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
[gallery-11281]
– Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi, – deydi K.Tojiyev. – Muhokamalarda olimlar, yoshlar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, xorijdagi vatandoshlarimiz, umuman Vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz faol ishtirok etib, o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi. Qolaversa, xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlarimiz bilan videokonferensaloqa orqali onlayn muhokama tashkil etildi hamda ularning Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan takliflari olindi. Islohotlarning mazmun-mohiyati yuzasidan qator xorijiy davlatlarda konferensiya va davra suhbatlari o‘tkazilib, unda siyosiy doira vakillari va yetakchi ekspertlar ishtirok etdi.
Seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov ishtirok etib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi turli ekspertizalardan, jumladan, lingvistik, yuridik, gender-huquqiy, korrupsiyaga qarshi, jamoatchilik hamda inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizalardan o‘tkazilganligini alohida qayd etdi.
– Eng muhimi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilgari amal qilib kelingan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirilmoqda, – deydi spiker N.Ismoilov. - Konstitutsiyamizda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingan. Inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar bir necha karraga ortmoqda, o‘z navbatida davlatning ham xalq oldidagi majburiyati bir necha baravarga oshmoqda. Chunki, Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda “inson manfaati har narsadan ustun” degan mezon asos qilib olingan. Shu bois Bosh Qomusimizni tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘lmoqda, desak xato bo‘lmaydi.
Tadbirda bir guruh mahalliy Kengashlar deputatlari so‘zga chiqib, Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– bugungi seminar har jihatdan foydali bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi, xalq deputatlari Karmana tuman Kengashi deputati Otabek Aslonov. – Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlashi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mustahkamlanmoqda. Albatta, ommaviy axborot vositalari yanada faol bo‘lishi uchun ularga keng imkoniyatlar va kuchli himoya kerak. Konstitutsiyamizga kiritilayotgan ushbu norma mamlakatimizda so‘z va axborot erkinligini yanada yuksalishiga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
– O‘zim tibbiyot xodimiman. Loyihaga tibbiyot sohasiga oid normalarning kiritilishi meni behad xursand qildi, – deydi viloyat Skrining markazi direktori Mahfuza Hamroyeva. – Jumladan, aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi loyihaga kiritilgan. Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar ko‘paytirilmoqda. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta ko‘rib chiqilib, unda 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi to‘liq qamrab olinadi. Ko‘p uchraydigan 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha birlamchi bo‘g‘indagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshiriladi.
Yig‘ilish ishtirokchilari o‘tkazilayotgan referendumni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, uning mamlakatimiz izchil rivojlanishida tarixiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA