Yangilanayotgan Konstitutsiya va yoshlar
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutida «Yangilanayotgan Konstitutsiya va yoshlar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan vaqt mobaynida yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi ustida qizg‘in ish olib borildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasidan yoshlarga oid qator normalar o‘rin olgan bo‘lib, ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifasi etib belgilanmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada alohida modda yoshlar huquqlariga bag‘ishlanmoqda. Unga ko‘ra davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi.
Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Davra suhbatida yangilanayotgan Konstitutsiyamiz yoshlar tomonidan «Yoshlar Konstitutsiyasi» deya e’tirof etildi.
O‘zA