Yangi Zelandiyada favqulodda holat e’lon qilindi
Yangi Zelandiya poytaxti Vellington shahrida kuchli yomg‘ir va sel oqimlari sabab favqulodda holat joriy etildi. Yog‘ingarchilik shahar infratuzilmasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, ko‘chalarni suv bosgan. Qariyb bir soat ichida 77 millimetr yomg‘ir yog‘gani qayd etildi.
Tabiiy ofat oqibatida ko‘plab avtomobillar suv ostida qoldi, daraxtlar quladi va ayrim uylarga jiddiy zarar yetdi. Bir nechta maktablar yopildi, aeroportda esa reyslar bekor qilindi. Hukumat aholini uyda qolishga chaqirib, keraksiz harakatlarni cheklashni tavsiya qildi.
Hozirga qadar o‘nlab odamlar xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Karori tumanida 60 yoshli erkakning bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgan. Rasmiylar hozircha halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yo‘qligini bildirdi, ammo qidiruv ishlari davom etmoqda.
Ekologlar yomg‘ir yana davom etishini aytib, past hududlarda yashovchilarni vaqtincha boshqa joyga ko‘chishga chaqirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA