Yangi, zamonaviy poliklinika barpo etildi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi “Bekat” mahallasida qariyb 5 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ushbu hududda uzoq yillar davomida aholi uchun zamonaviy tibbiyot muassasasi mavjud emas edi. Shu bois fuqarolar 10–11 chaqirim masofada joylashgan “Anorzor” mahallasidagi 7-sonli oilaviy poliklinikaga qatnashga majbur bo‘lar, ayniqsa qishning qahratoni va yozning issiq kunlarida bunday qatnovlar katta noqulayliklarga sabab bo‘lar edi.
Ana shunday uzoq yillik muammoni hal etish maqsadida, samarqandlik tadbirkor — mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Zafar To‘rayev shaxsiy tashabbusi hamda qariyb 2,5 milliard so‘m mablag‘i hisobidan “Bekat” mahallasida barcha zamonaviy talablarga javob beradigan yangi poliklinika binosini barpo etib, mahalliy aholiga tuhfa etdi.
Mazkur tibbiyot muassasasining ochilish marosimi tantanali ruhda o‘tkazildi. Unda Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolova, Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Xudoyberdiyev, mahalla faollari, tumanning faxriy nuroniylari, tibbiyot xodimlari hamda mahalla ahli ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar Prezidentimizning sog‘liqni saqlash sohasiga qaratayotgan doimiy e’tibori hamda tadbirkorning xalq farovonligi yo‘lidagi amaliy yordamini alohida e’tirof etdilar.
[gallery-23951]
E’tiborga molik jihati shundaki, yangi poliklinika nafaqat tashqi ko‘rinishi va qurilish sifati bilan, balki fuqarolarga zamonaviy va yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati bilan ham ajralib turadi. Xususan, bino tarkibida 2 ta oilaviy shifokor xonasi, 2 ta kunduzgi statsionar bo‘lim, ginekologiya, doyalik, stomatologiya, fizioterapiya va avtoklav xonalari mavjud. Barcha zarur tibbiy uskunalar olib kelinib, muassasa to‘liq ishga tayyor holatga keltirildi.
– Yangi poliklinika biz uchun katta shodlik va imkoniyatdir, – deydi mahalla faoli Shavkat Karimov. – Ko‘p yillar davomida fuqarolarimiz uzoqda joylashgan poliklinikaga qatnashiga majbur bo‘lardi. Bu ayniqsa keksa insonlar va bolali ayollar uchun juda qiyin edi. Endi esa ushbu zamonaviy tibbiyot maskani orqali bu muammolar o‘z yechimini topdi. Prezidentimiz va elparvar tadbirkorga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.
Ta’kidlash joizki, Zafar To‘rayev rahbarlik qilayotgan MCHJ faoliyati nafaqat Sirdaryo viloyatida, balki Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ham shu kabi xayrli tashabbuslarni amalga oshirgan. Jamiyatning huquqshunosi Akmal Imomovning ta’kidlashicha, joriy yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida yana to‘rtta shunga o‘xshash zamonaviy oilaviy poliklinika binosi qurilib, aholi ixtiyoriga topshirilishi rejalashtirilgan.
– Hozirda Xovos tumanidagi Qayirma mahallasining o‘zida yana bir poliklinika qurilishi olib borilmoqda, – deydi A. Imomov. – Shu kungacha jamiyatimiz tomonidan 200 ga yaqin poliklinika, maktab va bog‘chalar qurilib, foydalanishga topshirildi. Bizning asosiy maqsadimiz yurtdoshlarimizga xizmat qilish va ularga munosib shart-sharoit yaratishdir.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev(surat, video) O‘zA muxbirlari