Yangi yilni kutgan bolalar...
Gulira’no tonggacha surat chizdi. U barcha orzularini suratda namoyon etishga urindi.Chizgan suratida deyarli hamma ranglardan foydalandi. Ha, u hayotga tashna edi. Hayotni yorqin ranglarda tasavvur etar edi. Onasining so‘zlariga ko‘ra, Gulira’no suratni tamomlab, sekin stol ustiga qo‘ygan va uxlashga yotgan. O‘sha kuni endigina 6 yoshga to‘lgan jajji qizaloq qaytib o‘yg‘onmadi. Shafqatsiz dard bu go‘dakni oramizdan olib ketdi. Gulira’noning onasi qayg‘u va iztirob bilan qizining yangi yil bayramini intizor bo‘lib kutganligini, hatto bayramda kiyish uchun yangi ko‘ylak xarid qildirganini so‘zlab berdi...
Yana bir suratning egasi Qudratilla hozir shifoxonaning jonlantirish bo‘limida. Shifokorlar bolaning ahvoli og‘ir ekanini aytishgan. Qudratilla endigina 4 yoshga qadam qo‘ydi. Uning onasi farzandining chizgan suratini yolg‘iz o‘zi ko‘tarib keldi. Chunki bu farzandining iltimosi edi. Ehtimol, tadbir ishtirokchilari Qudratilla chizgan tasvirlarni anglamagandir. Bolakay onasiga agar sog‘ayib chiqsa, dadasiga olib berishni niyat qilgan mashina rasmini chizganini aytgan...
Oqqonga chalingan bolalar afsuski oz emas. Yiliga 300 ming bolaga shu kasallik tashxisi qo‘yilsa, 100 ming bola hayotdan ko‘z yumadi. Bu dard uzoq davolanishni va katta mablag‘ni talab qiladi. Ammo bolalar ruhiyati juda nozik, qalbi samimiy, bardoshi esa kezi kelsa, yoshi kattalarga ham o‘rnak qiladigan darajada kuchli. Bemor bolalar xasta vujudi bilan katta orzularga intiladi, sog‘ayishga umid qilishadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Sen kuchlisan” shiori ostida oqqonga chalingan bolalar muallifligida yaratilgan asarlar kimoshdi savdosi tashkil etildi. Qayd etilishicha, taqdim etilgan va kim oshdi savdolariga qo‘yilgan suratlardan tushgan pullar bolalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab- quvvatlashga sarflanadi.
Og‘ir dard bilan kurashib kelayotgan bolajonlar va ularning yaqinlariga ko‘mak berish maqsadida tashkil qilgan mazkur aksiyada Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bemor bolalar va ularning onalari ishtirok etdi. Bolalar tomonidan yaratilgan suratlar namoyish etildi.
– Bemor bolalarning o‘z qo‘llari bilan yaratgan buyumlari, chizgan rasmlarini tomosha qilish ona sifatida yuragimni qalqitib yubordi deydi, – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot rahbari Nazokat Abduqunduzova. – Bilasizmi, aslida kasallikka chalingan boladan ham, kundan-kun so‘lib borayotgan murg‘akkina farzandiga termulib vaqt sanayotgan onalarga og‘ir. Bugun har bir onaning ko‘zlarida cheksiz iztirobni ko‘rdim. Qaniydi, bizning harakatlarimiz shu bolajonlarning biror orzusini ushalishiga ozgina hissa qo‘shsa. Istardimki, ular bizning mehrimizni his qilishsin. Hayotga umid ko‘zlari bilan boqishsin.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, 2020-2024 yillarda gematologiya sohasini rivojlantirish uchun 546 milliard so‘mdan ziyod va qariyb 71 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘lar hisobidan shifoxonalar dori vositalari, tibbiy buyumlar, reaktiv va reagentlar bilan ta’minlanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA