Yangi Toshkentda investorlar uchun tayyor loyihalar soni sezilarli darajada ko‘paytiriladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilmoqda.
Prezidentimiz Yangi Toshkentning master rejasi mukammal shahar qurish uchun ishlab chiqilganini, biroq u sarmoyadorlar tashabbusiga to‘siq bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Agar o‘ziga xos loyiha shahar manfaatiga xizmat qilsa, lot maydoni yoki ob’ekt turini o‘zgartirish haqidagi taklif qo‘llab-quvvatlanishi lozim.
Bunga huquqiy imkoniyat bor. Ammo takliflarni ko‘rib chiqish tartibi murakkab va yetarlicha shaffof emas, ayrim qarorlar oylab cho‘zilmoqda. Shu sababli investor takliflarini tez va aniq mezonlar asosida ko‘rib chiqish talab etildi.
“Sankt-Peterburg” mavzesiga tadbirkorlar qiziqishi bejiz emas: uning konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyor. Direksiyaga shunday tayyor loyihalar sonini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangi Toshkentning “tashrif qog‘ozi”ga aylanadigan yirik tijorat ob’ektlari ham kerak. Hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan atigi 3 tasidagi loyiha qiymati 100 million dollardan oshadi.
Shu maqsadda ochiq tashabbus va “Swiss challenge” tamoyili asosida yer ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Tashabbus ochiq e’lon qilinadi. Agar boshqalar yaxshiroq shart taklif etmasa, yer birinchi tashabbuskorga ajratiladi.
O‘zA