Yangi Toshkentda Imperial College London filiali ochiladi
Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida forum bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi, elchixona, Soliq qo‘mitasi, Toshkent shahar, Namangan va Buxoro viloyatlari hokimliklari mas’ullari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekistonda davlat organlari faoliyatini natijaga asoslangan boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etish, boshqaruv samaradorligini oshirish, hududlarning mavjud salohiyati va yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Vatandoshlar tomonidan forum doirasida bir qator tashabbuslar bildirildi.
Forumda bildirilgan taklif va tashabbuslar davlat organlari, hududlar va xorijdagi vatandoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud intellektual va investitsion salohiyatni O‘zbekiston manfaatlari yo‘lida birlashtirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Xizmat safari doirasida Imperial College London universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktori Frank Dalson bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, mazkur universitet dunyoning yetakchi ilmiy-tadqiqot universitetlaridan biri bo‘lib, 1907-yilda Londonda tashkil etilgan. Universitet “QS” reytingida jahonda TOP-2, Buyuk Britaniya va Yevropada TOP-1 o‘rinni egallaydi.
Universitetning asosiy yo‘nalishlari – sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili, muhandislik, kiberxavfsizlik, robototexnika, energetika, tibbiyot va sog‘liqni saqlash, matematika va fizika, shuningdek, innovatsiyalar va biznes boshqaruvini qamrab olgan.

Muloqot davomida joriy yil yakuniga qadar 30 nafar davlat xizmatchisini sun’iy intellekt, muhandislik, elektrotexnika va tog‘-kon yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlariga yuborish, Yangi Toshkentda Imperial College London filialini ochish hamda davlat xizmatchilarini tayyorlash markazini tashkil etish kabi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Qayd etilgan masalalarni amalga oshirish maqsadida tomonlar o‘rtasida qo‘shma ishchi guruhi tuziladi hamda tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA