Yangi Toshkent shahri bunyod etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan ajratib olingan 19 720,9 gektar yer maydonida Yangi Toshkent shahri qad ko‘taradi.
Loyihani tezkor va sifatli ishlab chiqish maqsadida "Meinhardt Pte. Ltd" (Singapur), "Foster and partners" (Buyuk britaniya) va "OMA" (Gollandiya) kompaniyalari jalb etilib, amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Qarorga muvofiq, 2023 yilning 1 sentyabrigacha "Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi" tashkil etiladi.
Direksiya chet mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlar asosida yetakchi xorijiy va mahalliy loyiha tashkilotlari ishtirokida Yangi Toshkent shahri hududini rivojlantirish rejalarini (master reja), tarmoq rejalari va manzilli dasturlarini ishlab chiqadi.
Shuningdek, Direksiya zimmasiga:
Yangi Toshkent shahri hududida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha investorlar bilan muzokaralar olib borish, tanlash, ular bilan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda bitimlar tuzish va ijrosini nazorat qilish;
loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bo‘yicha alohida texnik shartlarga amal qilish to‘g‘risida bitimlar tuzish va ijrosi ustidan monitoring olib borish;
ijtimoiy soha ob’ektlari, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, yo‘l-transport infratuzilmalarini barpo etishda buyurtmachi funksiyasini bajarish;
zamonaviy uy-joylar qurish ishlariga katta tajribaga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, ularga zamonaviy uslublar, energiya tejamkor texnologiyalar va qurilish materiallarini qo‘llash yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berish;
barpo etiladigan muhandislik- kommunikatsiya tarmoqlari, yo‘l-transport infratuzilmalaridan yagona operator sifatida foydalanish va iste’molchilar bilan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
qurilishga salohiyatli investorlar, jumladan, xorijiy investorlarni jalb etish maqsadida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, internet tarmog‘ida taqdimot tadbirlarini va keng reklama kampaniyasini tashkil etib borish vazifasi ham yuklatilgan.
Yangi Toshkent shahrini barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida 2027 yil 1 yanvarga qadar Direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi.
O‘zA