Yangi tizim asosida 83 ming 660 kub gaz tejaldi
Bugun raqamlashtirish bilan bog‘liq jarayonlar har bir sohaga kirib bordi va u rivojlanish, samaradorlikka erishishda o‘z natijasini bermoqda.
Tabiiy gaz nazorati va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi loyihasi ham tizimdagi ko‘pgina tushunmovchiliklarning oldini olish, eng ahamiyatlisi, tabiiy gaz tejalishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni vaqtda Navoiy viloyatida iste’molchilar xonadonlariga 86 mingta “aqlli” hisoblagich o‘rnatildi. Ularning 85 ming 87 tasi maxsus bazaga kiritildi. Shundan Karmana tumanida 28410, Qiziltepa tumanida 14624, Xatirchi tumanida 11167, Navoiy shahrida 13 882 ta xonadonda ayni vaqtda iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun hisob-kitoblar avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa tabiiy gazning iqtisod bo‘lishi va debitor qarzdorlikning kamayishiga xizmat qilmoqda.

“Aqlli” hisoblagichlarning o‘rnatilishi evaziga qarzdorlik birgina aholi iste’molchilarining o‘zida 20 foizga kamaydi. Jumladan, 2020 yilning 1 sentyabr oyi holatiga aholi iste’molchilarining debitor qarzdorligi 9 milliard 449 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil 1 sentyabr holatidagi qarzdorlik 7 milliard 780 million so‘mni tashkil etmoqda.
Ma’lumki, avtomatlashtirilgan tizimning joriy etilishi munosabati bilan hududlardagi tabiiy gaz ta’minoti uch bosqichli tizimdan ikki bosqichliga o‘tkazilmoqda. Hozirgi kunda viloyatda mavjud 3638 ta gaz taqsimlash qurilmasidan 304 tasi demontaj qilib olinib, natijada 83 ming 660 kub gaz tejalishiga erishildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA