Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani o‘rganamiz
Andijonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, bu borada davlat tashkilotlari va xizmatchilarining vazifalari hamda ishtiroki masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmonining 21-bandi hamda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining 83-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Andijon viloyat filiali hamda viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan o‘quv seminarida davlat idoralari rahbarlari, mas’ullar ishtirok etdi.
– Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan konstitutsiyaviy normalar ijrosini ta’minlash barcha sohalarda inson qadri va sha’nining yuksalishiga, davlat va jamiyat hayotini “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga asoslangan yangi va zamonaviy tizim asosida boshqarish imkonini beradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Andijon viloyati filiali rahbari Muhiddin Qo‘ldoshev. – Shu bois ham yangi tahrirdagi Konstitutsiya ijrosini to‘liq ta’minlash barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasiga aylanishi lozim.
[gallery-13556]
Mamlakatimiz poytaxtidan kelgan professor-o‘qituvchilar, adliya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda O‘zbekiston Respublikasi referendumi orqali umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini jamiyat hayotiga tatbiq etish, uning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mahalliy hokimlik va davlat idoralarida amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi ustuvor vazifalar hamda ularni samarali amalga oshirish bo‘yicha keng tushunchalar, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, seminarda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosiy prinsiplari, inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari hamda jamiyat va shaxs masalalari, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat hokimiyatining tashkil etilishi hamda saylov tizimidagi fundamental vazifalar mavzularida ma’ruzalar eshitildi, taqdimotlar bilan tanishildi.
– Seminar doirasida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda mavzu doirasidagi bilim va malakalarimiz yanada boyidi, – deydi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Andijon viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Azamatjon Soliyev. – Bu albatta, kelgusidagi faoliyatimizni yanada samarali olib borishga yordam beradi.
Seminar ishtirokchilari ma’ruzalar, mavzu doirasida amalga oshiriladigan ishlar samaradorligini ta’minlash bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari