Yangi solnoma nashr etildi
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston shukronaligi” shiori ostida “Arnasoyning 50 yillik solnomasi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimi Odil Musanov Arnasoyning yarim asrlik taraqqiyot yo‘li, fidoyi insonlar mehnati va Yangi O‘zbekiston islohotlari tufayli hududda amalga oshayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanishicha, bunday kitoblar millat xotirasini asrash va avlodlar o‘rtasida ma’naviy bog‘liqlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, keksa avlod va faxriylarga ehtirom ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi. Prezident qarori asosida joylarda “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari Arnasoyning kechagi va bugungi hayoti, yurtdagi tinchlik va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar haqida fikr bildirishdi.

Kitobda tumanning tashkil topish tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, bunyodkorlik ishlari va mehnat faxriylari hayoti keng yoritilgan.
Yakunda bir guruh faxriylar va faollarga kitob nusxalari hamda “Arnasoy tumani 50 yilligi” esdalik nishoni topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA