“Yangi soliqlar – yangicha imkoniyatlar“
Oʻquv-seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.
Sirdaryo viloyati adliya hamda davlat soliq boshqarmalari tashabbusi bilan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining amalga joriy etilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan oʻquv-seminari shunday nomlandi.
Tadbirda moliya, bojxona, savdo-sanoat palatasi, davlat xizmatlari agentligi viloyat hududiy boshqarmalari, “Tadbirkor ayol” uyushmasi, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi Jamshidxon Nuritdinov joriy yil 1-yanvardan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amaliyotga tatbiq etilgani, soliq hisobotlarining yangi shakllari ishlab chiqilgani va soliq hisoboti shakllari Oʻzbekiston Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani, ushbu kodeksning mazmun-mohiyati barcha soliq toʻlovchilarga yetkazilishi lozimligini taʼkidladi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga koʻra 1-yanvardan soliq tizimida yangiliklar joriy etilmoqda. Seminarda shu oʻzgarishlar haqida maʼlumot berildi.
Tadbir ishtirokchilari adliya, soliq, moliya va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislarining yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bandlari, solik nizolarini sudgacha hal qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, daromad manbalarining taqsimlanishi mavzularidagi hammabop va ommabop maʼruzalarini katta qiziqish bilan tingladi.

– Endilikda soliq toʻlovchilar yashil, sariq va qizil yoʻlakchalarga ajratiladi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻining soliq solish boʻyicha maslahatchisi Abduqayum Abdushukurov. – Soliqlarni doimiy, oʻz vaqtida toʻlab boruvchilar tekshiruvlardan xoli boʻladi, muddatini oʻtkazib hisobot topshiruvchilar sariq yoʻlakda, hisobotlarni muttasil topshirmay, byudjet toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlamay kelayotganlar esa qizil yoʻlakda boʻladi. Qizil yoʻlakdagilar faoliyati ustidan kameral nazorat tartibida audit tekshiruvi oʻtkaziladi.
Oʻquv-seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.