Yangi qurilayotgan to‘g‘on rostdan o‘pirilganmidi?
Jurnalist surishtiruvi
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining tog‘ga yaqin Xiyobon mahallasidan oqib o‘tgan “Qizildaryo” suvi har yili bahor oylarida pishqirib oqadi. Sel kelgan paytlarda suv oqimi yanada vahimali ko‘rinish oladi. Bunday manzaralar mahalla ahliga yaxshigina tanish, ammo odamlarni xavotirga solmasdan qolmaydi. Bir necha kun oldin ikki kunlab yog‘gan yomg‘ir natijasida daryoda katta suv toshqini yuz berdi va daryoda qurilayotgan kichik to‘g‘ondagi, mahalliy aholi “selpoya” deb ataydigan inshootning bir cheti yemirilib ketishiga sabab bo‘ldi.
Ushbu holat jamoatchilikning ko‘plab salbiy fikrlariga sabab bo‘ldi. Ya’ni “katta xarajat evaziga qurilgan yangi to‘g‘on sel suvlarining birinchi zarbasidayoq o‘pirilib ketdi”, “essiz ketgan mablag‘” kabi fikrlar bildirila boshlandi. Xo‘sh, aslida holat qanday bo‘lgan? Rostdan ham yangi to‘g‘on o‘pirilib ketganmidi? Ushbu savollarga javob topish maqsadida voqea joyiga bordik.
[gallery-16976]
Suvning ko‘lamini u qoldirgan izlardan ham bilish qiyin bo‘lmaydi. Toshqin natijasida daryoda qurilayotgan to‘g‘onning bir qismi o‘rnidan ko‘chib tushgan, kattagina mablag‘ evaziga qurilayotgan inshootning birinchi zarbaga dosh berolmagani hudud aholisining e’tiboridan chetda qolmadi.
– Mahallamizdan o‘tgan ushbu daryoning suvi ko‘pincha loyqa og‘gani uchun “Qizildaryo” deb ataymiz, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jamshid Tilabov. – Asosan bahor oylarida sel suvlari oqadi. Pastroqda gidrouzel bor. Shunga shikast yetkazmaslik uchun damba qurilyapti. Dambaning qurilishi boshlanganiga uch oydan oshdi. Hali qurilish ishlari oxiriga yetgani yo‘q. Shuning uchun uch kun oldin yog‘gan yomg‘irda daryoda suv ko‘payishi natijasida burchagi sinib ketdi.
Daryoda suv miqdori kam bo‘lsa-da, uning yaqinida bo‘lish biroz vahimali tuyuladi. Holatni kuzatarkanmiz, xayolimizga inshootning texnik holati xususida qator savollar kela boshladi. Ayni paytda hududda bo‘lmagan mas’ullar bilan telefon orqali bog‘lanib, ular bilan uchrashishga kelishdik va savollarimizga javob olishga harakat qildik.
–- “Qizilsuv” daryosidan keladigan sel suvlarini “Yakkabog‘” gidrouzelining birinchi va ikkinchi suv tashlamalari orqali Xiyobon mahallasidan o‘tadigan sel suvlaridan himoya qilish maqsadida qiymati 8,5 milliard so‘mlik to‘g‘on– dambani quryapmiz, – deydi “Qashqadaryo suv qurilish invest” davlat muassasasi nazoratchisi Tolmas Zohidov. – Qurilishi 2023-yil sentyabrdan 2024-yil sentyabrgacha belgilangan. Uch kun oldin kelgan sel suvlari qurilishi tugallanmagan dambamizdan oqib o‘tdi. O‘sha suvlar inshootga katta talofat bermasligi uchun o‘ng qirg‘og‘idan ekskavator yordamida suv yo‘lini ochib, kelgan 50-60 kublik sel suvlarini betalofat o‘tkazib yubordik. Aytmoqchimanki, dambani sel suvlari o‘pirgani yo‘q. Shunchaki talofat katta bo‘lmasligi uchun bir chetini o‘zimiz o‘pirdik. Uni to‘g‘rilab, loyihani oxiriga yetkazamiz.
Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, sel hali yakuniga yetmagan to‘g‘onga talofat yetkazmasligi uchun uning bir qismi atayin ochib yuborilgan. To‘siqdagi sinishlar ham shuning natijasida yuzaga kelgan ekan.
Holatni o‘rganish jarayonida qurilish ishlarining har bir bosqichi nazorat ostida ekanligi, tegishli idoralar tomonidan doimiy kuzatib borilayotgani ham ma’lum qilindi.
Ushbu to‘g‘on toshqin kuchini kamaytirish, oqibatda kuzatilishi mumkin bo‘lgan talofatlar oldini olish maqsadida qurilayotgani oydinlashdi. Faqatgina yomg‘irlar mavsumi boshlanishi ortidan kuzatilayotgan sel suvlari ishni biroz murakkablashtirdi, deydi mas’ullar. Shuningdek, ular ish yakuniga qadar bu holatlar to‘liq bartaraf etilishini qo‘shimcha qilib o‘tishdi.
Ma’lumot o‘rnida: ushbu loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida mavjud gidrouzel va sel-tashlama inshooti sel-toshqin suvlaridan himoyalanib, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlaridagi 21 ming 650 gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/V2fJohVez7g?si=6c0C8YB7wwoHY6pe" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbiri