Yangi qo‘mitaning vazifalari belgilandi
Tarmoqlarda yagona ilmiy-texnik siyosat yuritilgan holda, tizimning muvofiqlashtirilgan tarzda faoliyati ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga binoan endi pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshiriladi. Tarmoqlarda yagona ilmiy-texnik siyosat yuritilgan holda, tizimning muvofiqlashtirilgan tarzda faoliyati ta’minlanadi.
Pilla va qorako‘l terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xomashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoit yaratiladi. Marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda ipak va qorako‘ldan tayyorlangan mahsulotlarni, eng avvalo, tashki bozorlarda sotishga ko‘maklashiladi. Pillachilik va qorako‘lchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z faoliyatini kengaytirish, klasterlar tashkil etish va mahsulotni eksport qilishda xar tomonlama yordam beriladi.
Bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishi monitoring qilinadi.
Eksport qiluvchi tashkilotlar eskport kontraktlari monitoringini amalga oshirish uchun eksport kontraktlari, narx kalkulyatsiyasi va Pillachilikni rivojlantirish jamg‘armasiga yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasini “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga taqdim etadi.
Davlat bojxona qo‘mitasi doimiy ravishda ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momig‘i) va xom ipakning O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib chiqilishini (eksport) nazorat qiladi. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi esa doimiy ravishda ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momig‘i) va xom ipakning O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib chiqilishining (eksport) hisobini yuritadi.
Bu tartiblar 2021 yil 1 fevraldan boshlab amalga kiritiladi.