Yangi O‘zbekistonning yosh ijodkorlari
Aytishlaricha, olim biror olamshumul kashfiyot yaratsa, uni xalqqa anglatmoq uchun bu kashfiyotni tafakkur yuksakliklaridan kundalik turmush zaminiga olib tushishi, mavhum va murakkab formulalar tilidan jo‘n, ko‘nikilgan tushunchalar, oddiy tasavvurlar tiliga ko‘chirishi lozim.
San’atda esa buning aksi. Shoir ham olamshumul kashfiyotlar qiladi — betakror ranglarga, maftunkor jilolarga, sehrli ma’nolarga, durdona hikmatlarga to‘la go‘zal dunyo yaratadi. Biroq bu dunyoni anglamoq va anglatmoq uchun jo‘nlashtirib, oddiy maishiy tilga ko‘chirib bo‘lmaydi. Jo‘nlashtirilishi bilanoq go‘zallik g‘oyib bo‘ladi, asarning sehru jodusi yo‘qoladi, hozirgina sizni larzaga solib turgan poetik misralar beta’sir so‘z tizmalariga aylanadi.

Odatda, qalbi uyg‘oq, haqiqatga va go‘zallikka tashna oriflargina shoir yaratgan nafosat olamini idrok qiladilar va g‘ofillarni uning go‘zalliklaridan ogoh etadilar. Shu tariqa shoirlar yaratgan go‘zallik xalq mulkiga aylanadi va uning ma’naviy dunyosining yuksalishiga xizmat qiladi. Adabiyot va san’atga oshufta ko‘ngillarda hech qachon buzg‘unchi g‘oyalar paydo bo‘lmaydi. Yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirishda albatta, adabiyot va san’at muhim ahamiyat kasb etadi.

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida "Yangi O‘zbekistonning yosh ijodkorlari" mavzusida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda shular haqida so‘z bordi. Tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tumani bo‘linmasi tashabbusi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyat bo‘limi, Buxoro viloyati Yozuvchilar uyushmasi, tuman hokimligi, Oila va xotin-qizlar, xalq ta’limi, madaniyat, qo‘riqlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etildi.
Tumandagi ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan ijodkor o‘quvchilar ishtirok etgan ijodiy uchrashuvga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir, "Ma’rifat" targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi Bobur Bobomurod hamda estrada xonandasi Kumush Mo‘minovalar mehmon sifatida qatnashdi.

Tadbirni Buxoro viloyati Yozuvchilar uyushmasi rahbari, shoir, "Ma’rifat" targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi Shodmon Sulaymonov olib bordi. Adabiyot va san’at shaxs ma’naviyatini boyitish va yuksaltirish omili ekanligini ta’kidladi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari, "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Marhabo Pardayeva Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomaning mazmun mohiyati haqida gapirib, yoshlarga berilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi. O‘quvchi-yoshlarni yanada faol bo‘lishga, ko‘proq kitob o‘qish, bilimlarini mustahkamlab borishga da’vat etdi.
Shundagina ular o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishishi, o‘z kasbining yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishi mumkinligini qayd etdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Bobur Bobomurod o‘z ijodlaridan namunalar keltirib, o‘quvchi yoshlarning kitob ko‘proq o‘qishlari, kitob insoniyatning tarixiy xotirasi, ma’naviy olami, ilmiy zaminini mustahkamlovchi, kelajakni yorqin ko‘rsatib borishga qodir mash’ala ekanligi haqida gapirdi. Uchrashuv davomida o‘quvchi-yoshlar o‘z ijodlaridan parchalar keltirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar, fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etdi.

Tadbir davomida estrada xonandasi Kumush Mo‘minova o‘z kuy-qo‘shiqlari bilan tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, J. Shirinov hamda tuman madaniyat bo‘limi xushovoz xonandalari tomonidan qo‘shiqlar yangradi. O‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ularning qalbida vatanparvarlik, ezgulik, insonparvarlik singari yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirish, badiiy adabiyot mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, ijodkor o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan "Yangi O‘zbekistonning yosh ijodkorlari " ijodiy uchrashuvida faol ishtirok etgan bir guruh yosh ijodkorlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Xulosa qilib aytganda, o‘quvchi yoshlar ushbu uchrashuvdan bir olam quvonch olib kitobga, adabiyotga bo‘lgan qiziqishlari yanada ortdi. Zero kitob – moziy darakchisi, bugunning tarbiyachisi va muallimi, kelajakning yo‘lboshchisi. Yoshlarda kitob o‘qish ko‘nikmasi shakllansa, kamoloti yo‘lida qolgan barcha amallarni kitobning o‘zi o‘rgatadi.
Dilorom G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tumani bo‘linmasi rahbari O‘zA