Yangi O‘zbekistonning ibratli oilalari taqdirlandi
Namangan viloyat Madaniyat markazida 15 may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan madaniy tadbir tashkil etildi. Unda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi ishtirokchilari va g‘oliblari, turli sohalarda faollik ko‘rsatayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Ma’lumki, joriy yilning may oyida viloyatning barcha tuman va (shahar)larida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi tashkil etilib, unda ishtirok etish uchun 784 mahalladan jami 2000 ga yaqin oila arizasi qabul qilindi.
[gallery-11884]
Viloyat bosqichida ko‘rik-tanlov shartlarini yuqori natijalar bilan bajargan, xususan, ibratli, uzoq yillar birga yashab kelayotgan, farzandlarini ona yurtga muhabbat, Yangi O‘zbekistonning ezgu g‘oyalariga sadoqat ruhida, oilaviy qadriyatlarimiz asosida sog‘lom va barkamol etib tarbiyalab kelayotgan Uychi tumanilik Qambarovlar oilasi birinchilikni qo‘lga kiritdi. Chortoqlik Yo‘ldoshevlar oilasi ikkinchi, Yangi Namangan tumanilik Ismoilovlar oilasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tadbir doirasida tanlov g‘oliblariga esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar topshirildi.
Taniqli san’atkorlar va yosh iste’dodlar ijrosidagi dilbar kuy va qo‘shiqlar tadbirga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA