Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni – bilim, ta’lim va tarbiyada
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Quvondiq Sanoqulov Konimex tumanida saylovchilar bilan uchrashdi.
Ishonchli vakil saylovchilarni nomzodning tarjimai holi hamda saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan yillar mobaynida respublikamizda amalga oshirilgan ulkan islohotlar samarasi o‘laroq Konimex tumanida ham keng ko‘lamdagi o‘zgarishlar yuz berdi.


Ma’lumki, inson uchun, shaxs kamoloti uchun yaratilgan imkoniyatlar jamiyat taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi. Bugungi kunda Konimex cho‘l hududi bo‘lganligi bois tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, konimexlik yigit-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda bir qator imtiyozlar berilmoqda.
Tumanda 15 maktab zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanib, 3 davolash-profilaktika muassasasi binolari qurildi. Qo‘shimcha 7 mahalla tibbiyot punktlari tashkil qilindi, 115 kilometrdan ortiq ichki yo‘llar joriy ta’mirlandi.


– Partiyamizdan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodimizning saylovoldi dasturida Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda sog‘lom va barkamol yoshlarimiz hal qiluvchi kuch sifatida e’tirof etilgan, – dedi ishonchli vakil. – Shu maqsadda ularning iste’dodi, madaniyat, san’at va sport bo‘yicha salohiyatini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish borasida ham yangi tizim yaratiladi. Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni – bilim, ta’lim va tarbiya bo‘ladi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, barcha sohalardagi o‘zgarish va yangilanishlar, avvalambor, inson qadri, uning baxtiyor kelajagiga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligini ta’kidlashib, saylovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA