Yangi O‘zbekistonni yoshlar barpo etadi!
30-iyun kuni mamlakatimizning millionlab yoshlari qalbi cheksiz hayajonga, yangi orzular, maqsadlar va ezgu intilishlarga to‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizning bir guruh faol yoshlari bilan uchrashuvini barcha hamyurtlarimiz katta qiziqish va hayajon bilan kuzatdi.
Shu kuni mamlakatimiz yoshlari poytaxtimizda davlatimiz rahbari g‘oyasi va tashabbusi asosida bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Keyingi o‘n yillar davomida yoshlarga qaratilayotgan e’tibor amaliy va natijador ahamiyatga egaligi bilan diqqatga sazovor bo‘lmoqda. Bu borada qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlar, hayotga faol joriy etilayotgan ezgu tashabbuslar yangi O‘zbekistonda kamolga yetayotgan har bir navqiron avlodning hayotida, ongu-shuurida, kayfiyati va ruhiyati, dunyoqarashida, orzu-niyatlarida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar, badiiy ijod, ishlab chiqarish va iqtisodiyot, tadbirkorlik, ilg‘or texnologiyalar sohalarida yurtimiz yoshlari uchun yangi-yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Bunday yuksak e’tiborning amaliy natijasi o‘laroq, mamlakatimiz yoshlari xalqaro fan olimpiadalari, madaniyat va san’atga oid xalqaro ijodiy tanlovlar, sport musobaqalarida zafar qozonmoqda.

Davlatimiz rahbari bilan uchrashgan yoshlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgani ham bejiz emas. Zero, yangi O‘zbekistonning ma’naviy asoslarini barpo etishda yoshlarning azmu shijoati aynan shonli tariximiz, buyuk ajdodlarimizning zakosidan kuch-quvvat oladi.
Ming yillik tariximizdan, buyuk ajdodlarimizning ilmiy salohiyatidan, jahon tamadduniga o‘ziga xos betakror meros bo‘lib qo‘shilgan ulug‘ kashfiyotlaridan so‘zlovchi ushbu maskan har bir insonda cheksiz hayajon, faxr, hayrat va havas uyg‘otishi tabiiy. Bugungi kunda ushbu muazzam va ulug‘vor, tabarruk go‘sha yangi O‘zbekistonning o‘ziga xos ma’naviy qiyofasiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qiziqarli ma’rifiy sayohatdan so‘ng poytaxtimizdagi "Olimpiya shaharchasi"da Yoshlar kuniga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida gala-konsert tashkil etildi.
O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor o‘zining yuksak natijalarini berayotganini ta’kidladi.
Jo‘shqin va baland kayfiyatda o‘tkazilgan konsert dasturida yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, mustaqilligimiz, Vatanimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

– Prezidentimiz bilan uchrashuvdan, umuman, bugungi bayramdan unutilmas taassurotlar oldik, - dedi “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy musiqa akademik litseyi komandiri, katta leytenant Shuhratjon Muhammadxonov. – Muloqotdan ruhlanib, kundalik faoliyatimizni yanada mas’uliyat bilan yo‘lga qo‘yishga astoydil harakat qilamiz.
– Men ham ustoz, ham tadbirkor sifatida faoliyat ko‘rsataman, - dedi “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi, Qarshi shahridagi «Bolalar akademiyasi» nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Asal Ziyodova. – Prezidentimizning bildirgan ishonchlari katta orzularimizni hayotga joriy etishda biz uchun muhim motivatsiya beradi.
Daler Rahimov bu yil Singapurdagi NTU - Nanyan texnologiyalar universitetiga o‘qishga qabul qilindi. Ushbu universitet muhandislik, biznes, texnologiyalar bo‘yicha eng kuchli o‘quv dasturlari bilan mashhur.
– Kimyo fani bo‘yicha Xalqaro olimpiadada ikki karra oltin, xalqaro Mendeleyev olimpiadasida ikkita kumush va bitta oltin medaliga sazovor bo‘lganman, - dedi “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi Daler Rahimov. – Prezidentimiz bilan uchrashuv ezgu va ulkan orzularim yo‘lida o‘ziga xos mayoq bo‘lgani aniq.
– Bugun yoshlar uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda, - dedi “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi, Andijon davlat pedagogika instituti doktoranti Kamola Odiljonova. – Taqdirlanganlar safida men ham borligim qalbimga cheksiz quvonch va hayajon bag‘ishladi. Davlatimiz rahbari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ayniqsa, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surilgani barcha yoshlarni ruhlantirdi. Ayni paytda Prezidentimizning “Kamolaxon, ota-onangizga rahmat ayting. Siz kabi yoshlar mamlakatimizga juda kerak”, degan so‘zlari meni ruhlantirib yubordi.
Darhaqiqat, e’tibor, e’zoz, ehtirom, rag‘bat yangi izlanishlar, tashabbuslarga qanot bag‘ishlaydi. Mamlakat rahbarining yoshlar bilan uchrashuvi jarayonida bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi. Zero, yangi O‘zbekistonni yoshlar barpo etadi!
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari