Yangi O‘zbekistonga yangi islohotlar, yangi konstitutsiya kerak
Yurtimizning kun sayin yangilanib borayotgani hech kimga sir emas, shu jumladan, bino va inshootlarning o‘zgacha tus olishi, yangi tashkilotlarning ochilishi, turli bog‘larning barpo etilishi buning yaqqol misolidir.
Endilikda jamiyatimizda yoshlarning roli benihoya ortishi, ham ijtimoiy ham siyosiy sohalarda faol qatnashishi yangi islohotlarga zamin yaratib kelmoqda. Hozirgi kunda eskicha fikrlash ya’ni milliy mentalitet qobig‘ida aylanishni zamonamiz qabul qila olmaydi. Bu o‘z navbatida, Yurtboshimiz yaratib bergan ochiqlik, oshkoralik siyosati tamoyillariga ayrim hollarda zid bo‘lib kelmoqda. Shu o‘rinda o‘ylaymanki, konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zarurati ham tug‘ilmoqda.
Konstitutsiyamiz xorijiy ilg‘or tajriba hamda xalqaro standart va talablarga har tomonlama mos, mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelsada, zamona talablari o‘zgarmoqda, yangi taftish, yangicha islohotlarni, yangicha qoidalarni talab etmoqda. Binobarin, 4-5 yil avvalgi hayot tarzimiz bilan hozir yashash turmushimiz mutlaqo o‘zgardi. Inson qadri tushunchasi kirib keldi. Inson qadri tushunchasiga huquqiy normalari orqali insonning farovonligini ta’minlash eng asosiy vazifa sifatida belgilanishi kerak.
Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham Yurtboshimiz aynan shuni ya’ni “Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur”- degan g‘oyani yana ilgari surdilar.
Bu insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi lozimligini anglatadi. Konstitutsiyamizning birinchi yo‘nalishini – inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasiga bag‘ishladilar. Tan olib aytish joizki, bundan 6 yil muqaddam inson omili yurtimizda deyarli eng oxirgi o‘rinlarda edi. Bunga shaxsan talaba sifatida guvohi bo‘lganmiz. Aynan o‘qishning eng oltin davrida paxta yig‘imlariga majburan ishtirok etishlar, talabalik stipendiyamizning plastik kartalardan yo‘l kira uchun naqd qilish imkoniyatlarining mavjud emasligi - inson erkinligini cheklashga kiradi deb baholayman.
Shu kabi holatlarni bartaraf etish uchun zudlik bilan amalga oshirilayotgan barcha islohotlar markazida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya mujassam ekanligini barcha soha vakillari birdek his qilmoqda. Mana bugun men nafaqat pedagog, balki tadbirkor ayol sifatida aytadigan bo‘lsam, tadbirkorlarga bilan ishlash tizimi, sud, huquq-tartibot organlariga murojaat qilish mutlaqo murakkab. Samarali va erkin tadbirkorlik faoliyati Konstitutsiyamizda aniq kafolatlanmagan, mavhumlik va insonni sargardonlikka olib boruvchi yo‘sinlar bisyor. Albatta inson munosib sharoitda ta’lim-tarbiya olib, huquq va manfaatlari jahon standartlariga muvofiq ta’minlangandagina davlat barqaror rivojlanadi. Shuning uchun ham, bugungi kunda jahon reytingida yurtimiz har tomonlama oldinlamoqda. Asosiy sabab esa inson qadrini, huquq va manfaatlariga birinchi darajali ahamiyat berilishidir.
Yig‘ilishdagi ma’ruzalarida “Inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim. Biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati, hamma narsadan ustundir! Shu bois, inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart” – deb ta’kidlaydi davlat rahbari.
Shu bilan birga, “Ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz, qadimgi Rim huquqida oltin qoidalar bor. Masalan, “hech kimga bajarib bo‘lmaydigan majburiyatni yuklama” yoki “qonun – imkonsiz narsani talab qilmaydi”, kabi Rim qoidalarini keltirar ekanlar, konstitutsiyamizda bunday moddalar borligi va ularni isloh qilishimiz kerakliligi ayni dolzarb muammoligi oydinlashmoqda. Davlat, qonun insonga xizmat qilishi kerak, inson manfaati, huquq va erkinligini kafolatlashi kerakligini yana bir bor anglaymiz. Kundan kunga yangilanayotgan, yangicha islohotlar yo‘lidan borayotgan, jahon reytingida har tomonlama munosib o‘rin egallayotgan yurtimizga o‘z pozitsiyasini munosib saqlashiga, yanada rivojlanishiga yangi konstitutsiya, konstitutsiyaviy islohotlar davr talabidir.
Nozima Xoliqova,
Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Buxoro viloyati vakilligi rahbari PhD dotsent, “Kelajak liderlar” klubi a’zosi, O‘zA.