Yangi O‘zbekistonda yangilanayotgan Yangibozor!
Bir elki jamolin ko‘rgan hayratda Yoshlarining o‘yi o‘qish, mehnatda, O‘z o‘rni bor shu mustaqil davlatda. Gullagan bo‘stonim, so‘lim gulzorim, Vohaning gultoji Yangibozorim!
M.Nurmanova
Vatan mehrini, vatan sehrini, uning mo‘’tabarligiyu ulug‘vorligini so‘z bilan ifodalash qiyin. Shayx Muhammad G‘azzoliy aytadilar: “Bashar o‘z yeriga, garchi u tap-taqir sahro bo‘lsa ham qattiq bog‘lanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq bo‘linganda sog‘inch, hujum qilinganda mudofaa va kamsitilganda g‘azab hislarini paydo qiladi”.
Mana jonimiz kabi aziz va muqaddas Vatanimiz -O‘zbekistonimiz o‘zining o‘ttiz yoshini nishonlamoqda. Истиқлол yillarida mamlakatimizda ro‘y berayotgan islohotlar insonlar hayotida, oilalar taqdirida o‘chmas iz qoldirmoqda. Ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyot, sanoat, qurilish, umuman, barcha sohadagi yuksalishlar esa har bir kishini to‘lqinlantirishi, ularni Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shishga undashi, shubhasiz. Shunday kunlarda o‘tgan o‘ttiz yillik tarixni eslab, sarhisob qilish istagi uyg‘onadi insonda.

Xuddi shu istak ro‘yobi sifatida tumandagi mahallalarda “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari tashkil qilindi. Tadbirlarga tashrif buyurgan o‘rta, keksa avlod vakillari o‘zlari yashagan davrning o‘ziga xosliklari haqida gapirdilar.
- “Biz maktabda ishlab yurgan davrimizda o‘qituvchi va o‘quvchilar paxta dalasida erta bahordan kech kuzgacha mehnat qilishga jalb qilinar edi. Qani edi biz ham bemalol o‘quvchilarni o‘qitib, o‘z ishimizni qilsak deya orzu qilar edik. Bugun maktablar qiyofasi, undagi ta’lim-tarbiyaga berilayotgan e’tibor, yoshlarning yutuqlari kishini quvontiradi. Bu imkoniyatlarni ko‘rib, yana ustoz qadri qadrlargan yurtda ishlash, yashash zavqi ortadi insonda”, - deya so‘zlab berdi uchrashuvlardan birida faxriy ustoz Dilbarjon Artiqova.

“Bugun inson manfaatlari, uning dardi, salomatligi, ta’lim tarbiyasi birinchi o‘ringa qo‘yilgan yurtda yashayapmiz. Bundan yigirma yil, o‘ttiz yil,
qirq yil oldin kim o‘ylabdi deysiz rahbarlar uyma-uy yurib, xalq bilan suhbat o‘tkazadi, ularning muammolarini aniqlab, joyida bartaraf qilish choralarini ko‘radi deb. Bir nechta xorijiy tilda o‘z ona tilidek bemalol gapirayotgan, fan-texnika, qurilish, sport, qishloq xo‘jaligi sohasida o‘z so‘zini aytayotgan yoshlarni ko‘rib ko‘z quvonadi”,-deydi mehnat faxriysi Rahimboy Sherjanov.
“Jahon miqyosida yurtimiz haqida so‘z ketganida “Yangi O‘zbekiston”, “Yangi O‘zbekiston tajribasi” degan iboralar tilga olinmoqda. Bu mamlakatimizda keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e’tirofi desak hecham mubolag‘a bo‘lmaydi.

bugungi kunda biz uchinchi uyg‘onish davri ostonasida turibmiz. Agar O‘zbekiston Prezidentining keyingi besh yilda hayotimizning birgina yo‘nalishi, ya’ni ma’rifat, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida imzolagan qonun, farmon va qarorlari, tasdiqlagan Davlat dasturlari, ilgari surgan yangidan-yangi tashabbuslarining mag‘zini to‘la chaqib ko‘rsak ham, navbatdagi Ma’rifat Renessansining markazi Yangi O‘zbekiston ekaniga hech kimda shubha qolmaydi”,-deya o‘z fikrlarini bayon qildi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Go‘zalxon Jumanova.

Darhaqiqat, bugun Yangi O‘zbekiston bag‘rida yangilanayotgan Yangibozorimizda misli ko‘rilmagan darajada bo‘layotgan o‘zgarishlar, tuman ahliga xalq birligi, irodasi, ertangi kunga ishonchi ifodasini ko‘rsatayotgandek nazarimizda.
Tuman markazida mutlaqo yangi qiyofa kashf etgan istirohat bog‘i bugun xalq quvonchi bilan, jajji bolajonlar kulgusi bilan gavjum. Istirohat bog‘ida qad rostlagan buyuk allomalar byustlarini ko‘rib, taniqli shoir Omon Matchonning “Quyosh soati” kitobidan shunday jumlalar esga tushadi: “Xorazmda tog‘lar yo‘q emas, bor! Xorazm tog‘lari vohani tongda quyoshdan to‘sib qo‘ymaslik uchun odamlar qiyofasida yashashadi! Ular - Xorazmiy, Beruniy, Shayx Najmiddin Kubro, Zamaxshariy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Xojixon, Komiljon…”.
Istirohat bog‘i markazida to‘lqinlanib, har xil rangda ko‘kka qadar intilib, insonlarga zavqu-shavq ulashayotgan favvorani aytmaysizmi!
Tuman hokimligi binosida yangidan tashkil qilinayotgan ma’naviyat maskani – kutubxona esa barcha uchun haqiqiy bayram tuhfasiga aylandi. “Bir paytlar faqat ishtirokchilarni to‘ldirishga harakat qilingan, majlisbozligu, bir-birini haqorat qilish uchun qurilgan zal deya ta’riflangan tuman hokimligining katta yig‘ilishlar zali bugun ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘i, insonlarga ziyo ulashish maskaniga aylantirilmoqda .
Xullas, yangi O‘zbekiston bag‘rida yangilanayotgan Yangibozorimizdagi bu kabi rivojlanishlar, o‘zgarishlar faqat insonlar manfaati, ularning ozod va obod yurtda munosib hayot kechirishlarini ko‘zlangan yuksak maqsadlar ifodasidir!
Shunday yurtda yashayotganinga qayta-qayta shukrona aytging keladi!
Dilrabo TAJIMURATOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Xorazm viloyati Yangibozor tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi