Yangi O‘zbekistonda muqobil nizoni hal qilishga qaratilgan muhim islohot sari qadam qo‘yildi
2026-yil 21-aprelda “Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Qonun mazmun-mohiyati yuzasidan yuridik fanlari doktori, professor, hakamlik sudyasi Foziljon Otaxonov bilan suhbatlashdik.
– Yangi O‘zbekistonda nizolarni muqobil hal qilish mexanizmlarini rivojlantirish davlat huquqiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Hakamlik sudlari fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini tezkor va samarali himoya qilishda muhim vosita sifatida shakllanib bormoqda.

Bu institutning huquqiy asosi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan bo‘lib, har kim o‘z huquqlarini qonunda taqiqlanmagan usullar bilan himoya qilish huquqiga ega.
– Hakamlik sudlarining huquqiy poydevori qaysi qonun bilan yaratilgan?
– 2006-yilda qabul qilingan «Hakamlik sudlari to‘g‘risida»gi qonun mazkur institutning huquqiy asosini yaratdi. Unda hakamlik sudlarining maqomi, faoliyat prinsiplari, hakamlik muhokamasi tartibi, hakamlik bitimi va hakamlik sudyalariga qo‘yiladigan talablar aniq belgilangan. Mazkur qonun hakamlik sudlarini nodavlat tuzilma sifatida shakllantirish va iqtisodiy nizolarni muqobil hal qilish mexanizmini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
– Keyingi yillarda mazkur sohada qanday muammolar kuzatildi?
– Amaliyot tahlillari ayrim holatlarda hakamlik sudlari vakolatlaridan qonunga zid tarzda foydalanilganini ko‘rsatdi. Xususan, davlat ishtirokidagi tashkilotlar bilan bog‘liq nizolarning hakamlik sudlarida ko‘rib chiqilishi, davlat xaridlari bilan bog‘liq shartnomalar yuzasidan nizolar hal qilinishi holatlari aniqlandi.
Bu esa soliq to‘lovchilar manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, vakolatli sudlar tomonidan hakamlik sudlari hal qiluv qarorlarini bekor qilish holatlari ham sezilarli oshdi. Masalan, 2020-yilda iqtisodiy sudlar tomonidan 7 ta hakamlik qarori bekor qilingan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 391 taga yetdi.
– Demak, shu kabi muammolarni hal qilish maqsadida yangi qonun qabul qilindi. Shundaymi?
– Yangi qonun aynan shu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. Maqsad hakamlik sudlari faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish, davlat manfaatlarini himoya qilish va byudjet intizomini kuchaytirishdan iborat.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 175-9 - modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, hakamlik sudlarini qonunga xilof ravishda tashkil etish, davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hakamlik bitimi taraflari sifatida ishtirok etishi, shuningdek mazkur sub’ektlar tomonidan hakamlik sudi qarorlarining qonunga xilof ravishda ixtiyoriy ijro etilishi uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish nazarda tutildi.
Ushbu huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi.
Mazkur norma hakamlik sudlari faoliyatida qonuniylik va intizomni mustahkamlash, davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiluvchi muhim huquqiy kafolat hisoblanadi
– Aynan «Hakamlik sudlari to‘g‘risida»gi qonunga qanday o‘zgarishlar kiritildi?
– Avvalo, qonunchilikda hakamlik sudlarining huquqiy maqomi aniqlashtirildi. Xususan, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining nizomi uni tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjat sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, qonundagi «yuridik shaxs» atamasi «nodavlat notijorat tashkiloti» atamasiga, «nodavlat organ» atamasi esa «nodavlat tuzilma» atamasiga almashtirildi.
Bu o‘zgarishlar hakamlik sudlarining institutsional maqomini yanada aniq belgilashga xizmat qiladi.
Davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hakamlik sudlarini tashkil etishi yoki hakamlik bitimi taraflari bo‘lishi mumkin emasligi mustahkamlandi.
Bu norma hakamlik muhokamasini asosan xususiy-huquqiy munosabatlar doirasida saqlash va davlat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Yana bir muhim yangilik – doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudlarini tashkil etish tartibi aniqlashtirildi. Endi bunday sudlar faqat nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan tashkil etiladi.
Bunda, hakamlik sudi qoidalarini va kamida uch nafar hakamlik sudyasidan iborat ro‘yxatni tasdiqlash talabi joriy etildi hamda sud tashkil etilgani haqidagi hujjatlarni tegishli adliya organiga yuborish majburiyati belgilandi.
Qonun bilan hakamlik sudlarining vakolat doirasiga ham muhim cheklovlar kiritildi. Jumladan, ma’muriy, oilaviy va mehnat munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolar, yer bilan bog‘liq ishlar, binolar va inshootlarga egalik huquqini belgilashga oid nizolar, shuningdek byudjet tizimi mablag‘larini undirish bilan bog‘liq ishlar hakamlik sudlari tomonidan ko‘rib chiqilmasligi belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, hakamlik sudyalarining kasbiy tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratildi. Endi ular Adliya vazirligi tasdiqlaydigan maxsus dastur asosida o‘quv kurslaridan o‘tishi va o‘z malakasini muntazam oshirib borishi shart hisoblanadi. Bu hakamlik muhokamasi sifati va hal qiluv qarorlarining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan muhim normalar bilan ham to‘ldirildi. Xususan, muayyan hakamlik muhokamasida hakamlik sudyasi sifatida ishtirok etgan shaxs keyinchalik shu ish bo‘yicha taraflarning vakili sifatida qatnashishi mumkin emasligi belgilandi.
Hakamlik sudi hal qiluv qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi ham kengaytirildi. Endi huquqlari va majburiyatlari haqida qaror qabul qilingan, ammo ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslar ham hakamlik sudi hal qiluv qarorini bekor qilishni so‘rab vakolatli sudga murojaat qilishi mumkin. Bu protsessual adolat va sud himoyasi kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan hakamlik sudi qarorlarini ixtiyoriy ijro etishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi norma joriy etildi. Bu davlat mablag‘lari va davlat manfaatlarini huquqiy jihatdan qo‘shimcha himoya qilishga qaratilgan muhim kafolat hisoblanadi.
– Byudjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rildi?
– Byudjet kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar davlat moliyaviy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Endi byudjet mablag‘larini undirish bilan bog‘liq sud ishlarida vakolatli moliya va g‘aznachilik organlari majburiy tartibda ishtirok etadi. Shuningdek, g‘aznachilikda ro‘yxatdan o‘tmagan shartnomalar asosida tovar va xizmatlarni qabul qilish taqiqlandi.
Davlat xaridlari sohasida ham muhim o‘zgarish bo‘ldi. Davlat xaridlari bo‘yicha shartnomalarni tegishli g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazish talabi yanada kuchaytirildi.
– Protsessual kodekslarga kiritilgan o‘zgarishlar, umuman, mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni qanday baholaysiz?
– Fuqarolik va iqtisodiy protsessual kodekslarga kiritilgan o‘zgarishlar sud himoyasi kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Masalan, hakamlik muhokamasida ishtirok etgan sudya keyinchalik shu ishda vakil bo‘lishi mumkin emasligi belgilangani manfaatlar to‘qnashuvining oldini oladi.
Ishda ishtirok etmagan, ammo huquq va majburiyatlariga daxl qilgan shaxslarga ham hakamlik sudi qarorlari ustidan shikoyat qilish huquqi berildi. Bu protsessual adolatni ta’minlash nuqtai nazaridan juda muhim.
Mazkur qonun hakamlik sudlari institutini rivojlantirish va uni zamonaviy talablarga moslashtirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Qonun Konstitutsiyada belgilangan huquqiy kafolatlarni amaliyotda ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish hamda davlat moliyaviy manfaatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu jihatdan, qonunni Yangi O‘zbekistonda muqobil nizolarni hal qilish tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim islohot sifatida baholash mumkin.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun 2026-yil 24-iyuldan kuchga kiradi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi