Yangi O‘zbekistonda har bir fuqaroga ko‘rsatiladigan sud yordami sezilarli darajada yaxshilandi
2016-yilda O‘zbekistonda 32 million aholiga atigi 1057 nafar sudya to‘g‘ri kelgan. Bugungi kunda aholi soni 39 millionga, sudyalar soni esa 1731 nafarga yetdi.
Bu – sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasidir. Sudyalar oliy kengashi yetakchi inspektori Bobomurod Eshquvvatov bu haqda shunday fikr bildirdi:
– Sudyalar soni aholi o‘sish sur’atidan ancha tezroq oshgan, ya’ni har bir fuqaroga to‘g‘ri keladigan sud yordami ham sezilarli darajada yaxshilangan: 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan sudyalar soni 3,30 tadan 4,44 tagacha ko‘tarilgan.

2017-yilda yagona O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi, sobiq xo‘jalik sudlari esa “iqtisodiy sudlar” sifatida shu yagona tizimga kiritildi. Natijada butun mamlakat bo‘ylab qonunlar bir xil qo‘llanadigan yagona sud amaliyoti shakllandi.
Ilgari noqonuniy qaror chiqargan hokim, soliqchi yoki kadastr idorasi ustidan shikoyat qilish uchun alohida sud yo‘q edi – bunday ishlar fuqarolik va xo‘jalik sudlari o‘rtasida taqsimlanib ketgandi. Bu esa sansalorlikka, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lardi. Oddiy qilib aytganda, fuqaro davlat bilan nizoda deyarli himoyasiz edi.
Sud-huquq islohotlarining eng muhim yutug‘i – davlat organlari va mansabdor shaxslarning qarorlari hamda harakatlari ustidan shikoyat qilishga ixtisoslashgan mutlaqo yangi tuzilma, ya’ni Ma’muriy sudlar tizimining tashkil etilgani bo‘ldi.
Bu tizimga “sudning faol roli” tamoyili joriy etilib, fuqaro va davlat o‘rtasidagi nizolarni hal etishda tenglik ta’minlandi. Endilikda fuqaro davlat organining nohaqligini isbotlashga majbur emas, aksincha, isbotlash majburiyati (dalillash prezumpsiyasi) davlat organining o‘ziga yuklatildi. Ya’ni, mansabdor shaxs o‘z qarori yoki harakatining qonuniy va asosli ekanini sudda o‘zi isbotlab berishi shart.
Ilgari sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tavsiya etish vakolati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oliy malaka komissiyasiga tegishli bo‘lib, uning tarkibi asosan Prezident devoni (ma’muriyati), huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ijro hokimiyati vakillaridan shakllantirilardi.
Bundan tashqari, sudyalarning vakolat muddati dastlab atigi besh yil bilan cheklangani rivojlangan davlatlarning xalqaro tajribasiga mos emas edi.
Mazkur tashkiliy qaramlik, shuningdek, sudyalar hamjamiyati rolini pastligi sudyalarda qonuniy, biroq mahalliy hokimlik yoki prokuratura organlari manfaatlariga zid bo‘lgan mustaqil qarorlar qabul qilishda xavf va cho‘chish hissini uyg‘otar va oqibatda sudlarning xolisligiga to‘sqinlik qilardi.
Bugungi kunda bu komissiya o‘rniga yuridik shaxs maqomiga ega mustaqil konstitutsiyaviy organ – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi faoliyat yuritmoqda.
Sudyalik vakolati muddatlarining dastlab besh yil, keyin o‘n yil va so‘ngra muddatsiz davrga belgilanishi sudyalarning daxlsizligi va mustaqilligini ta’minlashda muhim kafolat hisoblanadi.
Bunday tizim sudyalik korpusini tashkiliy jihatdan himoya qilib, ularning lavozimidan asossiz chetlashtirilish xavfisiz, har qanday tashqi ta’sirdan xoli ravishda, faqat qonunga bo‘ysunib adolatli qarorlar qabul qilishiga xizmat qiladi.
Bunga qo‘shimcha ravishda, sudyaning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga har qanday tarzda aralashish qat’iyan taqiqlangan va buning uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.
Sudyani jinoiy javobgarlikka tortish yoki hibsga olish esa endi faqat Sudyalar oliy kengashining roziligi bilangina amalga oshiriladi. Bu ularni tashqi bosimdan himoya qiluvchi muhim kafolatga aylandi.
Sudyalar oliy kengashi huzurida Odil sudlov akademiyasi tashkil etilgan bo‘lib, sudya bo‘lishni istagan har bir shaxs avval shu yerda maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi. Namunaviy test va imtihonlar ochiq, onlayn translyatsiya qilinadi, nomzodlarni baholashda esa inson omilini istisno etuvchi maxsus elektron tizimlar qo‘llaniladi.
O‘n yillik islohotlarning natijasi quruq so‘z emas, balki aniq raqamlarda ham ko‘rinadi. Xususan, sudyalarning oylik maoshi 4 baravar oshdi.
Umuman, Yangi O‘zbekiston sudlari moliyaviy jihatdan mustaqil, kadrlari shaffof tanlanadigan, fuqaroni davlat oldida ham himoya qila oladigan tizimga aylanmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA