Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz
Buxoro shahridagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Ayollar muruvvat internat uyi”da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali tomonidan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida bayram tadbiri hamda tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Maskanda nogironligi bo‘lgan 305 nafar ayollar yashamoqda. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktor T.Musoyev boshchiligidagi shifokorlar “Muruvvat internat uyi” dagi ayollarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.


–Tibbiy ko‘rikda 40 nafar ayolda turli kasalliklar xuruji aniqlandi, – deydi filial direktori T.Musoyev. – 17 tasida “O‘tkir toshli xoletsistit”, 15 nafarida ginekologik, 46 nafar ayollarda “YUIK, stabil zo‘riqish stenokardiya”, 1 nafarida urologik, 33 nafarida nevrologik kasalliklar bo‘yicha tashxis qo‘yildi.


Bemorlarning holati mutaxassislar tomonidan baholanib, ambulator va statsionar davo muolajalari tavsiya qilindi. Shuningdek, barcha statsionar davolanishga muhtoj bemorlarni filial bo‘limlarida bosqichma-bosqich davolash rejasi tasdiqlandi.
Ayollar muruvvat uyida yashovchilarga filial ma’muriyati tomonidan bayram dasturxoni tashkil etildi.

Zarif Komilov, O‘zA