Yangi O‘zbekiston yoshlari: imkoniyatlardan – yuqori natijalar sari
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevral kuni mamlakat yoshlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti yurtimizdagi shijoatli va izlanuvchan avlod vakillari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Bu tarixiy uchrashuv nafaqat sohadagi islohotlarni jadallashtirdi, balki har bir yigit-qizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ular uchun chinakam yangilanishlar to‘lqinini boshlab berdi. Mazkur tashabbuslar ijrosini ta’minlash, yoshlarning biznes g‘oyalarini tinglash maqsadida joylarda tashkil etilayotgan doimiy muloqotlar bugun o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki rahbariyati va talaba yoshlar ishtirokidagi ochiq muloqotda asosiy e’tibor Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan istiqbolli loyihalarga qaratildi. Uchrashuvda bank mutasaddilari talabalarning fikr-mulohazalari, startap g‘oyalari va tadbirkorlik tashabbuslari bilan yaqindan tanishib, ularni hayotga tatbiq etishning moliyaviy mexanizmlarini tushuntirib berdi.
Ayniqsa, imtiyozlardan foydalanib o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yoshlarning shaxsiy tajribalari davra suhbatiga alohida jonlilik bag‘ishladi. Ular o‘z tengdoshlariga muvaffaqiyatga erishish yo‘llari va davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha o‘z tajribasini so‘zlab berdi.

–Davlatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor mening tadbirkorlik faoliyatimda burilish yasadi, deydi tadbir ishtirokchisi yosh tadbirkor. – Milliy bankning imtiyozli kredit liniyasi asosida o‘z loyihamni amalga oshirdim va bugungi kunda nafaqat daromad topyapman, balki tengdoshlarimni ish bilan ta’minladim. Eng muhimi – qo‘rqmasdan qadam tashlash va mavjud sharoitlarni to‘g‘ri baholash ekan.
Muloqot davomida mas’ullar tomonidan “Kelajakka qadam” dasturining yangi qirralari, yosh tadbirkorlar uchun yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalar esa o‘z navbatida biznes loyihalarini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan savollar va ayrim tizimli muammolarni o‘rtaga tashladi. Hozirda o‘z innovatsion ishlanmasi ustida ishlayotgan Abdulla Abdullayev kabi yoshlar uchun bu uchrashuv katta motivatsiya manbai bo‘ldi.

– Mening loyiham raqamli texnologiyalarga asoslangan bo‘lib, hozirda uning texnik qismini yakunlash arafasidaman, – Startap loyihasi muallifi Abdulla Abdullayev. – Uchrashuvda berilgan ma’lumotlar, ayniqsa, davlat rahbari tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollar ajratilgani haqidagi yangilik bizni yanada ruhlantirdi. Yaqin kelajakda Milliy bankning yangi imtiyozlaridan foydalanib, o‘z startapimni yirik biznes darajasiga olib chiqmoqchiman.

Uchrashuv yakunida ta’kidlanganidek, Prezident tomonidan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar va yaratilayotgan sharoitlar O‘zbekistonning yangi avlod tadbirkorlarini kamol toptirishga xizmat qiladi. Bu kabi yuzma-yuz muloqotlar esa yoshlarning muammolarini tinglash va ularning eng dadil g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda muhim ko‘prik bo‘lib qolmoqda. Zero, yoshlarga berilgan imkoniyat – bu mamlakat kelajagiga tikilgan eng maqsadli investitsiyadir.
Madina Nasriyeva,
O‘zA